17:37 / 03.11.2022
14438

“O‘zbekiston paxta eksportini to‘xtatdi, lekin hamon ishchi kuchining eksportyori bo‘lib qolmoqda” - Ron van Ruden

“O‘zbekiston paxta eksportini to‘xtatgan bo‘lsa ham, ishchi kuchini eksport qiluvchi davlat bo‘lib qolmoqda va buning o‘rniga mahsulot va ish o‘rinlarini taklif eta oladigan mamlakatga aylanishi lozim. Buning uchun mintaqaviy integratsiyaga intilish kerak”, dedi Xalqaro valuta jamg‘armasi missiyasi rahbari.

Foto: KUN.UZ

Samarqandda O‘zbekiston iqtisodiy forumi davom etmoqda. Forumning makroiqtisodiy barqarorlikka bag‘ishlangan sessiyasida so‘z olgan Xalqaro valuta jamg‘armasi missiyasi rahbari Ron van Ruden O‘zbekiston iqtisodiyotida davlat roli yuqoriligi, xususiy biznes kengayishidagi qiyinchiliklar va ishchi kuchi eksporti haqida gapirdi.

“O‘zbekiston aholisi tez sur’atda o‘sib bormoqda, bu ishchi kuchining o‘sishi degani. Agar siz o‘sib borayotgan ishchi kuchi uchun ish o‘rni yarata olmasangiz, bu mamlakat iqtisodiga qiyinchilik tug‘diradi. Natija shundayki, mamlakat aholisi xorijga borib mehnat kuchini sotishiga to‘g‘ri kelmoqda. O‘zbekiston paxta eksportini to‘xtatgan bo‘lsa ham, ishchi kuchini eksport qiluvchi davlat bo‘lib qolmoqda. Buning o‘rniga mahsulot va ish o‘rinlarini taklif eta oladigan mamlakatga aylanishi lozim. Buning uchun mintaqaviy integratsiyaga intilish kerak”, – dedi u.

XVJ vakili o‘sib borayotgan ishchi kuchi muammosini yechish uchun xususiy sektorga murojaat qilish kerakligini aytdi. Shu o‘rinda, u O‘zbekistonda o‘rta va kichik biznes uchun muhit yaxshi emasligiga ishora qildi.

“Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va biz ham mamlakatda kichik va o‘rta biznesni boshlash osonligi, ammo uni yuritish, kengaytirish qiyinligiga ko‘proq e’tibor beramiz. Bu byurokratiya va turli boshqa to‘siqlar hamda ishchi kuchi bilan bog‘liq. Xususiy sektor uchun imkoniyatlarni yaxshilash ishchi kuchi muammosini ham hal qiladi”, – dedi Ron van Ruden.

Xalqaro ekspert O‘zbekiston iqtisodiyotida hamon davlat ulushining yuqoriligi haqida ham gapirdi.

“O‘zbekiston o‘ziga yarasha fiskal buferga ega, hukumat haqiqatan ham fiskal umumlashtirishni davom ettirmoqchi. Xususiy sektor o‘sishiga oid maqsadlar borligini ko‘ryapmiz, bunga erishish uchun davlat rolini kamaytirish kerak. Nafaqat davlatning o‘zi, balki davlat korxonalari iqtisodiyotda katta rol o‘ynayapti. Qo‘chqorov xususiylashtirish haqida aytdi. Bu sharoitda oson emas: barcha noaniqliklarni hisobga olib investitsiyalarni kiritish borasida xavotirlar jiddiy”, – dedi u.

Van Ruden urush tufayli savdo va pul o‘tkazmalariga ta’sir salbiy bo‘lishini kutganini, ammo pul oqimining oshib borishi kuzatilganini aytdi.

“Ushbu vaziyat nafaqat importni moliyalashtirish, balki ishlab chiqarish va iste’mol uchun yo‘naltirish imkoniyatini beradi”, – ta’kidladi XVJ missiyasi rahbari.

Mavzuga oid
Top