72 yoshli ekofaol Doroti Xildebrant Shvetsiyadan Misrning Qizil dengiz bo‘yidagi Sharm ash-Shayx kurortigacha bo‘lgan 8 ming kmdan ortiq masofani velosipedda bosib o‘tdi. U odamlarga “Iqlim o‘zgarishini to‘xtating!” – deyish uchun bu safarga 4 oy vaqtini sarflagan.

1 iyuldan qahramonimiz 17 ta mamlakat bo‘ylab velosipedda kuniga 80 km, jami 8 ming 830 kilometr masofani bosib o‘tgan. U Sharm ash-Shayxga yetib borish uchun Yevropa va Yaqin Sharqni kesib chiqqan. Ayol bu ishni iqlim o‘zgarishi muammosi murakkablashib borayotganidan insonlar xabardorligini oshirish va BMTning COP27 yillik iqlim konferensiyasida yig‘ilganlarni bunga qarashi aniq choralar ko‘rishga undash maqsadida qilgan.
Dorotining aytishicha, u urush sababli vayron bo‘lgan Suriya, shuningdek, Livanda velosipedda emas, balki taksida tansoqchi bilan yurishga majbur bo‘lgan. Sinayda ham mahalliy ma’murlar uning xavfsizligi uchun Nuvayba portidan Sharm ash-Shayxgacha velosipedda yurishini taqiqlab qo‘yishgan.
Shunday bo‘lsa-da, u o‘z missiyasini muvaffaqiyatli ravishda amalga oshirganini ta’kidlaydi.

Ayol safar davomida Facebook’dagi postlarini minglab odamlar ko‘rganini, ulardan ijobiy fikrlar olib, yaxshi kayfiyat bilan yo‘lda davom etganini aytadi. Hatto Turkiyaning Antaliya shahriga kelganda velosipedi buzilib qolgani, ammo ko‘ngillilar uni ta’mirlashda yordam berganini tabassum bilan eslagan.
"Ular haqiqatan iqlim o‘zgarishini to‘xtatishi kerak"
Xildebrant ayni vaqt konferensiya o‘tkaziladigan joydan 15 km uzoqlikdagi do‘stining uyida yashamoqda. U kelgan kunidan boshlab bir hafta davomida har kuni elektron velosipedi yordamida shahar markaziga qatnayapti, faollar bilan uchrashib, tadbirlarda ishtirok etmoqda.








