Avstriyaning Vena shahridagi Amaliy sanʼat muzeyidan Misrning sobiq qirolichasi Nazli Sabriga tegishli boʻlgan 673 ta brilliantli tarixiy marjon oʻgʻirlab ketildi.

Oʻgʻrilik 27-avgust kuni, kunduzi soat taxminan 14:00 larda, muzeyning ish vaqti paytida yuz bergan. Ikki nafar nomaʼlum erkak koʻrgazmaga oddiy tashrif buyuruvchilar kabi chipta sotib bilan kirishgan. Ular yuzlariga niqob ham taqmagan.

Oʻgʻrilar fransuz zargarlik uyi «Van Cleef & Arpels» koʻrgazmasi joylashgan zalga oʻtib, bolgʻa yordamida eksponat saqlanayotgan shisha vitrinani urib sindirishgan. Jinoyatchilardan birining yonida oʻqotar qurol ham boʻlgani taxmin qilinyapti, shu sababli muzey xavfsizlik xodimlari ularga qarshilik koʻrsata olishmagan. Oʻgʻrilar qimmatbaho taqinchoqni olib, nomaʼlum tomonga qochib ketishgan. Hodisa vaqtida zalda boʻlgan boshqa tashrif buyuruvchilarga zarar yetmagan.

Marjon platina metalidan ishlangan boʻlib, unga umumiy ogʻirligi 200 karatdan ortiq boʻlgan 673 ta brilliant oʻrnatilgan. Ushbu nodir sanʼat asari 1939-yilda Misr qirolichasi Nazli uchun tayyorlangan. Qirolicha uni qizining Eron taxt vorisi, keyinchalik esa mamlakat shohi boʻlgan Muhammad Rizo Pahlaviy bilan toʻyida taqishni rejalashtirgan.

Keyinchalik qirolicha moliyaviy qiyinchiliklar tufayli taqinchoqni sotib yuborgan. 2015-yilda esa «Van Cleef & Arpels» zargarlik uyi uni Nyu-Yorkdagi Sotheby's auksionidan 4,3 mln dollarga oʻz arxiv kolleksiyasi uchun qayta sotib olgandi.

Hozirda Avstriya politsiyasi va Interpol oʻgʻrilarni topish boʻyicha keng koʻlamli operatsiya olib boryapti.