Ma’lum bo‘lishicha, shu yilning 23 iyul kuni sudlanuvchi va uning shar’iy nikohida bo‘lgan ayol o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan. Janjal er-xotin bir-birini pichoqlashigacha borib yetgan.

Og‘ir jarohat olgan ayol ko‘chaga qochib chiqishga muvaffaq bo‘lgan va ichki ishlar hamda tez tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qilgan. Shifokorlar ayolga birinchi yordam ko‘rsatgach, uni shifoxonaga olib ketishgan.

JIB Yangihayot tuman sudi Foto: Kun.uz

21 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tuman sudida ushbu jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

“O‘sha kuni u televizor ko‘rib yotgan edi, ko‘zim ketib uxlab qolgan vaqtimda ustimga chiqib, meni qo‘llari bilan bo‘g‘ayotgandi. Shunda cho‘chib ketib, “Nima qilyapsiz?” deb uni oyoqlarim bilan tepdim. Shundan keyin u qo‘llarini bo‘ynimdan oldi, ammo harakatimdan jahli chiqib, men rosa kaltakladi.

“Dod” deb baqirdim, o‘zimni himoya qilish maqsadida yostig‘imning tag qismida bo‘lgan oshxona pichog‘ini olib, uni o‘zimdan uzoqlashtirmoqchi bo‘ldim. U “Seni o‘ldiraman, bolalarni Bolalar uyiga topshiraman”, dedi. Qo‘limdagi pichoqni ko‘rib, pichoq ushlagan qo‘limni ushlab olib, pichoqni tashlashimni, shunday qilsam urmasligini aytdi.

 Gaplariga ishonib, pichoqni yerga qo‘ygandim, u pichoqni olib menga tashlandi. Chap qo‘lim bilan o‘zimni himoya qildim. Uni oyog‘im bilan tepib o‘rnimdan turdim va kiyimlarimni olgancha ko‘chaga qochdim. Tashqariga chiqib, 102 xizmatiga va tez yordamga qo‘ng‘iroq qildim. Tez tibbiy yordamdagilar kelib, menga yordam ko‘rsatishdi hamda shifoxonaga olib ketishdi”, deydi jabrlanuvchi.

Jabrlanuvchi ayol Foto: Kun.uz

Aniqlanishicha, sudlanuvchi ayolining 5 qovurg‘asini sindiradi. Bundan tashqari, tekshiruvlar davomida ayolda bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, qo‘l va oyoqdagi ko‘plab kesilgan yaralar, ikkala ko‘zosti, chap yelka sohalarida qontalashlar aniqlangan. Bularning barchasi sud-tibbiy ekspertizasida o‘z tasdig‘ini topgan.