Jamiyat | 15:58 / 25.11.2022
14869
7 daqiqa o‘qiladi

“Uch farzandimni uch xil sinov bilan berdi” – farzandlari dardi bilan yashayotgan onalar

Onalar qaysi bolasi kasal bo‘lsa tuzalguncha eng ko‘p o‘shanisiga e’tibor qaratishadi. Kerak bo‘lsa jonini fido qilishga-da tayyor turishadi. Lekin barchasi birdek og‘ir dardga chalinsa-chi, bir jonini qay biri uchun fido qilsin onaizor? 

Elmira opaning bir-biridan shirin uch farzandi bor. Lekin ularning barchasi dardman. Odamlar bolalarini ajratib qo‘ymasin, qo‘li bilan ko‘rsatmasin deb qo‘rqqanidan birovga dilini yorib, dardini aytolmaydi ham.

“Alloh menga uch farzand berdi, alhamdulillah. Uchalasini ham sinovlar bilan berdi. Katta qizimda oqqon kasalligi aniqlandi. Uyimizni sotishga majbur bo‘ldik. Davolatdik. Tuzaldi deb erta quvonibmiz, ikkinchi farzandim yurak porogi ekanini bilib qoldik.

Qaytalasa yomon bo‘larkan. Buning dorilari ham boshqalarnikidan farq qiladi. Kenjatoyim kindigida grija bilan tug‘ildi. Og‘riqqa chidolmay yig‘laydi. Kindigidan suv chiqadi. Operatsiya qilib olib tashlamasa bo‘lmaydi, deyishyapti”, – deydi onaizor ko‘z yoshlarini tiyolmay.

Qizining ruhiy tomondan ezilishini istamagan ota-ona undan nima kasal ekanini yashirishgan. Doktorlardan ham aytmaslikni iltimos qilishgan. Qizaloq o‘zining davolanishini oshqozoni uchun deb o‘ylaydi.

“Bolalarning dardi bilan yashashdan og‘ir narsa o‘q ekan. Turmush o‘rtog‘im yurak kasalligini, davleniyani orttirib oldilar.

Qizim ichiga yutadigan odati bor. Siqilib ahvoli og‘irlashib qolishidan qo‘rqaman. Shu sabab undan yashirganmiz. Ximiyalar natijasida oshqozoni og‘riydigan bo‘lib qolgan. Har safar yotish sababini oshqozoni uchun deb o‘ylaydi. Kasalligini aytsam, uni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqaman”, deydi Elmira opa.

Shahrizoda Umirovaga oid ma’lumotlar: kartalar bemorning onasi Elmira Toshpo‘latova nomida

UzCard: 8600 0610 2547 0120

Visa: 4297 1400 0298 0769

Manzil: Toshkent shahri, Yangihayot tumani, Marhamat mahallasi 9.29.7-xonadon

 

“Bolam ikki kun qonsiz yashadi”

Endigina uch yoshni qarshilagan Ahmadullo necha bor o‘limning og‘zidan qaytib keldi. O‘g‘liga oqqon tashxisi qo‘yilgan onaizor o‘ziga parvarish kerakligiga qaramay bolasiga parvona.

“Qoni kam bo‘lsa guruhini aniqlash qiyin bo‘larkan. Bolamga 4+ qon quyishdi. O‘shandan keyin peshobi qop-qora qon bo‘lib chiqa boshladi. Rangida rang qolmadi. Ertasi kuni qon guruhi 1+ bo‘lganini aniqlashdi. Qonini yuvishdi. Lekin o‘sha payt to‘g‘ri keladigan qon topilmadi. Bolam ikki kun qonsiz yashadi.

Ayrilib qolamiz deb qo‘rqqandik. Xudoga shukur, ancha o‘ziga kelib qoldi. Uy solamiz deb yig‘ganimiz bor edi. Hammasini ishlatdik. Bolam yaxshi bo‘lsa bo‘ldi. Davolatish uchun bor-budimizni sotdik”, deydi onaizor.

Farzandini davolatish uchun Andijondan kelib poytaxtda ijarada yashayotgan oila ancha qiynalib qolgan. Nodiraning o‘zi ham erta-indin ko‘zi yorishi kerak. Doktorlar shifoxonaga yotishi kerakligini aytishgan. Lekin onaizor dard bilan kurashayotgan bolasini yolg‘iz qoldirolmaydi. Buning yana bir sababi moddiy yetishmovchilik.

Dadasi kunlik ishlarga chiqadi. Lekin topganlari kvartira puli, yo‘lkira, yeb-ichishga bazo‘r yetyapti. Amal-taqal qilib, topib beryaptilar”, deydi Nodira o‘kinch bilan.

Ahmadullo Abdullajonovga oid ma’lumotlar: kartalar onasi Nodira Alijonova nomida

UzCard: 8600 0610 6857 6478

Humo: 9860 0803 3216 4021

Manzil: Andijon viloyati, Baliqchi tumani 37-uy

 

“Bolasi azoblanishini ko‘rishdan ortiq jazo yo‘q ekan”

Bolasi dard chekishini kuzatish qay onaga oson deysiz? Ayniqsa, turmush o‘rtog‘i yelkadosh bo‘lish o‘rniga tashlab ketgan bo‘lsa, bundan ortiq azob yo‘q. Shahnoza opa ham uch farzandini yolg‘iz voyaga yetkazayotgan edi. Kenjatoyi Muhammadjon oqqon kasalligiga chalingandan beri oromini yo‘qotdi.

“Bolamning oyoq-qo‘llari shunday og‘rirdiki, dod derdi. Dori surtaman, ichiraman, yo‘q, kor qilmaydi. Bolangizning azoblanayotganini ko‘rsangiz-u, yordam berolmasangiz onaga bundan ortiq jazo bo‘lmas ekan.

Yurish tugul, oyog‘ini bosolmay qoldi. Ovqat yemay qo‘ydi. Cho‘pdek ozib ketdi. Ota-onam erta o‘tib ketishgan. Turmush o‘rtog‘im, menga bola kerakmas, tug‘sang ajrashamiz deganiga qaramay, shu o‘g‘limni tug‘gandim. Bundan oldin ikki qizim bor. Uch bolamni amallab katta qilayotgan edim. O‘g‘limda bu kasallikning aniqlanishi menga juda yomon ta’sir qildi”, deydi Shahnoza opa yig‘lab.

Ona boshiga tushganlaridan bir azoblansa, bolasining dard chekayotganidan ming azoblanadi. O‘g‘lining ko‘ngli tusagan ovqatni vaqtida topib berolmasligidan o‘kinadi.

Muhammadjon Rustamovga oid ma’lumotlar: kartalar onasi Shahnoza Rustamova nomida

UzCard: 8600 3304 5320 6367

Humo: 9860 1301 1294 0908

Manzil: Andijon viloyati, Andijon shahri, Cho‘lpon ko‘chasi 85-uy

 

“Aya, ukam o‘lib qoldimi?” — deganida adoyi tamom bo‘ldim

Mushtariy endigina uch yoshga kirgan. Ayni tillari biyron bo‘lib, bir-biridan shirin gaplar aytadigan qizaloqqa qattiqroq gapirishga ham odamning ko‘zi qiymaydi. Kichikkina vujudi shunday og‘ir dard bilan kurashayotgan Mushtariy mungli ko‘zchalari bilan termilganda nigohlariga dosh berib bo‘lmaydi.

“Biz oshqozoni zo‘riqqan deb o‘ylab davolatib yurgandik. Qoni tushib ketaverdi. Besh marta qon quydi hamki hech ko‘tarilmaydi. Keyin Toshkentda leykoz tashxisini qo‘yishdi.

Oxirgi marta belidan ukol olganida yuragi uch daqiqaga to‘xtab qoldi. Oldimda 6 yashar bundan katta qizim ham bor edi. Aya, ukam o‘lib qoldimi, deganida adoyi tamom bo‘ldim.

Turmush o‘rtog‘imning qon bosimlari oshib turadi. Hamma gapni aytolmayman. Ularni ham chaqirolmadim. Dadasiga ham bir nima bo‘lib qolmasin, deb qo‘rqdim. Reanimatsiyaga olishdi. Shu bilan 3-4 marta reanimatsiyaga tushdik. Uch kunlab ovqat yemagan vaqtlarimiz ham bo‘ldi. Xudoga shukur, bolamni qaytarib berdi”, deydi onaizor. 

Mushtariy To‘raqulovaga oid ma’lumotlar:

Humo: 9860 0803 4975 2313 onasi Jalilova Munavvar nomida

Manzil: Surxondaryo viloyati, Muzrabot tumani, Mehnatobod mahallasi, Zarbdor ko‘chasi 114-uy.

Mavzuga oid