O‘zbekiston | 11:59 / 29.11.2022
9999
5 daqiqa o‘qiladi

Parijda Fransiya-O‘zbekiston universitetlari II forumi bo‘lib o‘tmoqda

Joriy yil 28–30 noyabr kunlari Parij shahrida Fransiya-O‘zbekiston universitetlari II forumi o‘tkazilmoqda. Unda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A. Toshqulov boshchiligidagi 20 dan ortiq oliy ta’lim muassasaci rahbarlaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi hamda Fransiya tomondan 150 dan ziyod rektorlar, ilmiy va ishlab chiqarish doira vakillari ishtirok etmoqda.

Mazkur forumdan kutilayotgan natijalar:

1. Yurtimizda Fransiyaning kamida 2 ta universiteti filialini ochish;

2. Mavjud 2 ta qo‘shma ta’lim dasturini 10 taga yetkazish;

3. Akademik mobillik asosida doktorant, magistr va talabalar almashinuvini barobarlarga ko‘paytirish.

Quvonarlisi, ushbu forum shu kunlarda Fransiya poytaxtida har yili an’anaviy tarzda o‘tadigan «Campus France–2022 uchrashuvlari» doirasida bo‘lib o‘tmoqda. Fransiya universitetlari rektorlari, ilmiy doira vakillari, professorlar ishtirok etgan mazkur xalqaro tadbir fransuz oliy ta’limi va xorijdagi tadqiqotlar jozibadorligini oshirishga yordam beradigan maxsus muloqot maydoni hisoblanadi.

Forumni «Campus France» tashkiloti rahbari Donaten Issard xonim kirish so‘zi bilan ochib, ta’lim sohasida yaqindan hamkorlik o‘rnatish maqsadida tashrif buyurgan O‘zbekiston delegatsiyasiga alohida minnatdorlik bildirdi. So‘zga chiqqanlar ikki davlat hamkorligi, jumladan oliy ta’lim sohasidagi aloqalar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov uchrashuv har ikkala tomon uchun ham g‘oyat muhim va ahamiyatli ekani, o‘z navbatida, ikki davlat o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik yildan yilga kengayib, mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidladi.

“Ushbu forum universitetlararo yangi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar bog‘lash, kadrlar tayyorlash, ta’lim va ilm-fan sohalarida olib borilayotgan jarayonlar borasida fikr-mulohaza va tajriba almashishga xizmat qiladi”, – dedi A.Toshqulov.

Forum doirasida «Barqaror rivojlanish jozibadorlik vektori sifatida» nomli konferensiya, «Markaziy Osiyoda yangi mintaqaviy mobillik markazi sari: O‘zbekistonning xalqaro ochiqlik siyosati va uning Fransiya bilan hamkorlik imkoniyatlari» mavzusida seminar o‘tkazildi. Ularda tomonlardan oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda bir qator soha mutaxassislari ma’ruzalari tinglandi.

O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining jahon ta’lim makoniga integratsiyalashuvi, Fransiya universitetlari bilan hamkorlik strategiyasi, ikki mamlakat loyihalari yaratilishi va ularning muvaffaqiyatlari mavzularidagi ma’ruzalarida aloqalarning muhim jihatlari haqida so‘z bordi.

Shuningdek, ikki tomon ta’lim maskanlari rahbarlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va uni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha samarali munozara olib borilib, tajriba almashildi va istiqbolli rejalar muhokama qilindi.

Forumning birinchi ish kuni yakunida Fransiya universitetlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, xususan, bir qator yo‘nalishlarda qo‘shma ta’lim va ikki tomonlama diplom beruvchi dasturlarni yo‘lga qo‘yish, fransuz mutaxassislarini O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida qisqa va uzoq muddatli ma’ruza o‘qish, seminarlarni tashkil etish, talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, malaka oshirish, ilmiy faoliyatdagi hamkorlikni rivojlantirish borasida 10 ga yaqin anglashuv memorandumi, bitimlar hamda yo‘l xaritalari imzolandi.

Imzolangan hujjatlar asosan yurtimizdagi qator ta’lim maskanlarida «Xalqaro mehmonxona menejmenti» magistratura dasturini yo‘lga qo‘yish, pedagogik kadrlar malakasini oshirish, tibbiyot sohasida simulyatsion ta’limni joriy etishga xizmat qiladi.

Xalqaro anjuman doirasida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.Toshqulov «Campus France» agentligi xalqaro tashkilotining bosh direktori Donatiyen Issard xonim bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida keyingi paytda oliy ta’lim sohasidagi o‘zaro aloqalar ham jadal sur’atda kengayotgani mamnuniyat bilan qayd etilib, yurtimiz muassasalarida qisqa va uzoq muddatli ma’ruza o‘qish, seminarlarni tashkil etish, talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, malaka oshirish, ilmiy faoliyatdagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot yakunida Fransiya universitetlari bilan navbatdagi rektorlar forumini 2023 yilda O‘zbekistonda o‘tkazish taklif qilindi.

Bugun forum o‘z ishini ikki davlat oliy ta’lim muassasalari rahbarlarining V2V tarzidagi uchrashuvlari bilan davom ettiradi. Uchrashuvlar yakunida bir qator yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalarini kengaytirish bo‘yicha memorandumlar imzolanishi kutilmoqda. Shuningdek, kun tartibida hamkorlikda madaniy tadbirlar ham o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid