O‘zbekiston | 11:33 / 02.12.2022
10392
4 daqiqa o‘qiladi

«10 oyda 25 nafar xodimimiz halok bo‘ldi» - IIV mulozimi

Shundan 9 nafari yo‘l-transport hodisasi oqibatida, 16 nafari xizmat vazifasini bajarish vaqtida vafot etgan.

Foto: AOKA

Ta’kidlanishicha, 2022 yilning 10 oyida ichki ishlar xodimlari 344 marta qarshilikka uchragan. Bu haqda AOKAda Ichki ishlar vazirligi mansabdorlari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

“10 oy davomida 344 ta holatda xizmat vazifasini o‘tayotgan ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan fuqarolar tomonidan qarshilik ko‘rsatilgan. 194 ta holatda 258 nafar fuqaroga nisbatan prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, sud hukmiga ko‘ra javobgarlikka tortilgan.

Ichki ishlar xodimlari orasida kundalik yoki tungi xizmat vazifasini bajarib kelayotgan xodimlarimizga qarshilik ko‘rsatish oqibatida halok bo‘lgan xodimlar ham bor. Shu yilning 10 oyi mobaynida 25 nafar xodimimiz to‘g‘ridan to‘g‘ri xizmat vazifasini bajarish vaqtida vafot etyapti. Shundan 9 nafari yo‘l-transport hodisasi oqibatida, 16 nafari xizmat vazifasini bajarish vaqtida vafot etgan”, deydi IIV departament boshlig‘i o‘rinbosari Hamza Muxsinov.

Bundan bir yil oldin IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i [hozirgi kunda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti o‘rinbosari – Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i] Baxtiyor Berdialiyev Kun.uz'ga bergan intervyusida ichki ishlar xodimlariga qarshilik ko‘rsatish va jarohat yetkazish holatlari yildan yilga ko‘payayotganini aytgandi.

“Tungi soat uchda, hammamiz uxlayotgan vaqtda ichki ishlar idorasiga “Erim ichib kelib meni uryapti, yordam beringlar”, degan xabar tushadi. Endi ko‘z oldingizga keltiring. Vaqt allamahal, profilaktika inspektori shu xabar asosida aytilgan manzilga boradi. To‘g‘ri, uning tabel quroli bordir, dubinkasi bordir, kishani bordir. Lekin oldinda uni nima kutayotganini bilmaydi. Bizning xatomiz ham – shu.

Tungi vaqtda bunaqa chaqiruvlar juda ko‘p. Odatda chaqiruv kelib tushgan profilaktika inspektorlari yonida yoshroq yordamchisi bilan yoki sherigi bilan chaqiruv kelib tushgan xonadonning eshigini taqillatadi. Ko‘pincha bunday chaqiruvlarga boradigan xodimlar janjallashayotgan er-xotinni ajrataman-u qaytaman deb o‘ylashadi. Lekin ortiga qaytmagan xodimlarimiz bor. Nogiron bo‘lib qolganlari bor. Chunki ularni har doim ham bir xil holat kutib turmaydi. Pichoq yoki qurol bilan qurollangan zo‘ravonga duch kelib qolishlari ham mumkin. Lekin profilaktika inspektorlari shunday paytda qochib ketdi degan gapni biror marta eshitganmisiz?” degandi o‘shanda IIV mulozimi.

Shuningdek, 284 nafar xodim turli darajada tan jarohati olib, aksariyati olgan tan jarohati oqibatida orttirilgan nogironlik holati yoki xizmatga yaroqsizligi sababli sog‘lig‘i holatiga ko‘ra ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 30 noyabr kuni Olmazorda profilaktika inspektori xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda o‘ldirib ketilgandi.

Voqea joyidan qochib ketgan, muqaddam bir necha marta sudlangan 30 yashar qotil shu kunning o‘zida qo‘lga olinib, prokuratura organlariga topshirilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, oilaviy mojaro tufayli G‘alaba mahallasiga chaqirilgan profilaktika inspektori katta leytenant N.Bobomurotov mashinada o‘tirgan vaqtda ayolning eri unga 2 marta pichoq uradi, xodim olgan jarohatlari natijasida halok bo‘lgan.

Mavzuga oid