O‘zbekiston | 10:36 / 15.03.2023
8281
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda 2 ta tunnel va 2 ta ko‘prik quriladi

Samarqand shahrida Abu Dabi Taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida suv ta’minoti tizimlari va yo‘l tarmoqlarini modernizatsiya qilish ishlariga kirishildi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston va Abu Dabi Taraqqiyot jamg‘armasi o‘rtasida 2022-2026 yillarda loyihani amalga oshirish uchun 4 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda 17 yilda qaytarish muddati bilan qarz bitimi imzolangan. Loyihaning texnik iqtisodiy asoslari hamda tender hujjatlari Worley Parsons Uzbekistan Engineering MChJ tomonidan ishlab chiqilgan. Loyihani jadallashtirish maqsadida ish hajmlari 4 ta lotga ajratildi, xalqaro tender savdolariga qurilish ishlarini tayyor holda topshirish sharti bilan e’lon berilib, tender savdolari o‘tkazildi va pudrat kompaniyalari aniqlandi.  

Birinchi lotda Amir Temur ko‘chasining Bo‘stonsaroy ko‘chasidan Gagarin ko‘chasigacha bo‘lgan 2,3 kilometr qismida hamda Gagarin ko‘chasining Gulobod ko‘chasidan M-37 avtomobil yo‘ligacha bo‘lgan 9,2 kilometr qismida qurish va rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi. Tender natijalari bo‘yicha 32,9 million dollarlik bu vazifani New Tech Samarkand, Sinoindustrial Tashkent hamda Turkiyaning Tekar Teknik Arastirma Ticaret Limited Sirketi korxonalaridan iborat konsorsium amalga oshiradi.  

Ikkinchi lotda Gagarin va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari kesishmasida (umumiy uzunligi 750 metr) hamda Gagarin va Rudakiy ko‘chalari kesishmasida (umumiy uzunligi 650 metr) tunnel hamda Gagarin ko‘chasidagi temiryo‘l ustida 78 metrlik, shu ko‘chaning davomida Siyob kanali ustida 165 metrlik ko‘prik quriladi.

Umumiy qiymati 84,2 million dollar bo‘lgan bu tunnel va ko‘priklar qurilishi Me’mor Utkir Chovka LLC va Xitoyning Shaanxi Road and Bridge Group Co., Ltd korxonalari konsorsiumi tomonidan bajariladi.  

Hozirda obektlarda kommunikatsiya tizimlarini ko‘chirish ishlari boshlangan. Ko‘prik va tunnellar bosqichma-bosqich quriladi hamda bu jarayonda yo‘llarda transport vositalari va piyodalar harakati to‘xtatilmaydi, xavfsiz harakatlanishi choralari ko‘riladi. Joriy yil yakuniga qadar Gagarin va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari kesishmasidagi tunnelning birinchi bosqichini yakunlash ko‘zda tutilgan.

Uchinchi (31,6 million dollarlik) va to‘rtinchi (13,9 million dollarlik) lot Samarqand shahri suv inshootlari bilan bog‘liq bo‘lib, unda Dahbet va Cho‘ponota suv inshootlari hamda 6 ta nasos stansiyalarini rekonstruksiya qilish, Amir Temur va Gagarin ko‘chalarida 13,9 kilometr yangi ichimlik suv tarmoqlari qurish belgilangan. Mazkur obektlar O‘zbekiston tomonidan MESMER-EAST LLC va Turkiyaning GÜÇLÜ İNŞAAT korxonasidan iborat konsorsium tomonidan quriladi. Ayni paytda Amir Temur ko‘chasida 2,3 kilometr masofaga suv tarmog‘i tortish ishlari boshlangan. Ushbu obektda ilk bor xorijdan keltirilgan diametri 500 millimetr bo‘lgan cho‘yan quvurlardan foydalanilmoqda. Suv va boshqa kommunikatsiya tarmoqlari tortib bo‘linganidan so‘ng ushbu ko‘chani rekonstruksiya qilishga kirishiladi.

Mavzuga oid