Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan «Iste’mol bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmon imzolangandi.
Farmon bilan 2024 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston hududiga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi qo‘llanadigan tovarlar ro‘yxati tasdiqlandi. Jumladan:
- yogurt; paxta, ivigan sut yoki qaymoq, qatiq;
- pishloq va tvoroglar;
- yangi yoki quritilgan xurmo (finik), anjir, ananas, avokado, guava, mango va mangostin yoki garsiniya;
- yangi olma, nok va behi;
- bug‘doy yoki javdardan tashqari g‘alla donidan un;
- kakao tarkibli shokolad va boshqa tayyor oziq-ovqat mahsulotlari.
28 mart kuni Milliy media markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadovning OAV vakillari uchun brifingi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ichki bozordagi narxlarga qanday ta’sir qilishi haqida fikr bildirdi.
«Ma’lumki, 23 mart kuni prezident 32 turdagi oziq-ovqat importiga bojxona bojining nol stavkasini qo‘llash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Go‘sht, pishloq, makaron, olma kabi mahsulotlar kundalik hayotimizda juda ham ko‘p iste’mol qilinadi. Birgina 2022 yilda respublikamizga qariyb 900 million dollarlik mahsulot import qilindi. Ushbu mahsulotlar uchun 500 milliard so‘mdan ortiq bojxona bojlari to‘langan», — dedi Obid Hakimov.
Markaz direktorining so‘zlariga ko‘ra, iste’mol tovarlarining ayrim turlari bo‘yicha bojxona bojlarini nollashtirish ikkita yo‘nalish bo‘yicha o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
«Birinchidan, bojxona bojlari pasayganda import qilinadigan mahsulotlar arzonlashadi va natijada ushbu mahsulotlarning iste’moli oshadi. Buni savdoni hosil qilish effekti deb aytamiz.
Ikkinchidan, bir mamlakatdan import qilinayotgan mahsulot qimmatroq bo‘lgani uchun savdo yo‘nalishi ham o‘zgaradi. Ya’ni import geografiyasi o‘zgaradi. Biz baholashimizni ushbu chora-tadbirlar ikkita effekt bo‘yicha iste’molchilarga qanday ta’sir qilishiga asoslanib o‘tkazdik».
Obid Hakimovning qo‘shimcha qilishicha, ushbu turdagi iste’mol tovarlariga bojxona bojlarining nol stavkaga tushirilishi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini maqsadli qo‘llab-quvvatlaydi va kam ta’minlangan uy xo‘jaliklari tomonidan iste’molni rag‘batlantirish imkonini beradi.
















