Toshkentga yangi avtobuslar muborak!

Xitoydan olib kelingan 400 ta yangi avtobusning yo‘nalishlarga chiqarilishi Toshkent aholisi uchun chinakam hayitlik sovg‘asi bo‘ldi. 20 aprel tongida ilk marta yo‘nalishlarga chiqqan 400 ta yangi avtobusning 114 tasi 18 metrli “garmoshka”lar ekani ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. King Long kompaniyasi ishlab chiqargan bunday eng katta sig‘imli avtobuslar soni Toshkentda tez orada 200 taga yetadi.

Super-uzun shahar avtobuslari Toshkentda harakatlanmay qo‘yganiga 10 yil bo‘lgandi. Bunday “garmoshka”-avtobuslar poytaxt uchun oxirgi marta 1995 yilda xarid qilingan, eng so‘nggilari 2013 yilgacha harakatlangan edi. Ularning qaytishi munosabati bilan qator bekatlarning geometrik parametrlariga o‘zgartirish kiritishga to‘g‘ri kelyapti, chunki 18 metrli transportlar hamma bekatlarga ham sig‘mayapti.

Shu hafta poytaxt ko‘chalarida harakatlana boshlagan yangi avtobuslarning 286 tasi – Yutong rusumli, uzunligi 12 metr. Ulardan 117 tasi tabiiy gazda yuradi, 169 tasi esa elektrobus.

Xitoydan buyurtma qilingan 1000 ta katta avtobusning qolgan 600 tasi ham yaqin haftalarda yetib kelishi kutilyapti. Bu bilan shahar avtobuslari soni, eskilari tarkibdan chiqarilishi hisobiga, 1800 taga yetishi aytilgan. Shu tariqa, Toshkentda uzoq davom etgan jamoat transporti degradatsiyasidan keyin avtobuslar soni 1991 yildagi darajaga yaqinlashadi. Ma’lumot uchun, 90-yillar boshida poytaxtimizda 2200 tadan ko‘proq avtobus, 500 tadan ko‘proq tarkibga ega tramvay va 400 tadan ko‘p tarkibga ega trolleybus harakatlangan.

Avtobuslar ko‘payishi bilan bir vaqtda, tizim ham isloh qilinayotgani quvonarli. Tashuvchi korxonalar bilan brutto-kontrakt tizimida ishlashga o‘tish ularni son emas, sifat uchun ishlashga undashi kerak