Fyodor Dostoyevskiyning «Telba» romanidagi markaziy qahramon knyaz Mishkin ham aynan shunday telbalardan. Telba bo‘lganda ham boshqa «sog‘lar»dan o‘tkirroq, aqlliroq telbadir. Reforma payti jamiyatda ziddiyat kuchayib, insonlar o‘rtasida mehr-muhabbat qochgan bir vaqtda knyazning rahmdilligi, beg‘ubor va begunohligi odamlarga kulgili tuyuladi. Qahramonning sof va pokiza qalbini kirlab ketgan jamiyat qabul qilolmaydi, iloji boricha o‘zidan soqit qilishga urinadi va uddalaydi ham (asar so‘ngida knyaz Mishkin kelgan joyiga, ya’ni Shveytsariyadagi jinnixonaga qaytadi). Knyaz tushib qolgan jamiyatda go‘zal tuyg‘u va bebaho fazilatlar allaqachon o‘z qiymatini yo‘qotib ulgurgan va qahramonimizning qarashlari eskilik sarqitiga aylanib bo‘lgan edi.

Asardagi boshqa qahramonlar ham turli ramzlarni ifodalab kelishi mumkin: Nastasya Filippovna – toptalgan nomus-or. Aglaya – qadrsiz, haqoratlangan muhabbat, Ippolid – alamzada va ichiqoralikka og‘gan umr, Rogojin – piypalangan go‘zallik va nomusga shaydo g‘urur (jabrlanuvchi sifatida ham qarashimiz mumkin) va hokazo.

Knyaz Mishkinni Don Kixotga ham qiyoslashimiz mumkin. Don Kixot o‘zining soddaligi bilan kitobxonda kulgi qo‘zg‘atadi. Knyaz Mishkin kulgi qo‘zg‘atmasa-da, uning boshqa fazilati bor. U judayam pok, boladek ma’sum. Afsuski, buni tentaklikka yo‘yishadi.

Nima uchun Nastasya Filippovna va Aglaya boshqa «Sog‘lar»ni emas, aynan telba knyazni sevadi? Uning na puli, na davlati bor edi. Boshqalardan ojiz va zaif ko‘rinardi. Ammo knyazda ma’naviy butunlik, qalb to‘liqligi mavjud. Shuning uchun ham Nastasya Filippovna bu pokiza yurakka o‘zining darz ketgan, piypalangan va parchalangan yuragini ravo ko‘rolmadi.

Har bir insonning yuragida kichikkina bolakay yashaydi. U judayam beg‘ubor, gunohsiz, ishonuvchan va sodda. U yomonlik nima bilmaydi, hatto tushunmaydi. Uning vujudi poklik, tozalik. Doim yaxshi narsalarni o‘ylaydi va talab qiladi. Inson ulg‘aygani sari o‘sha bolakayining ovoziga quloq solmay qo‘yadi. Ba’zan hattoki bu ovozni bo‘g‘ish uchun kichik vujudning og‘zini zo‘rlik bilan yopadi. Unga tazyiq o‘tkaza boshlaydi. Bora-bora bolakay gapirmay qo‘yadi, gapirishga qo‘rqadi. Ruhi jarohatlanadi. Har bir kishi ichidagi kichik bolasining gapiga quloq solib turishi lozim. Uni yo‘qotib qo‘ysa, katta mag‘lubiyatga uchragan bo‘ladi. Hayotini samimiyat tark etadi.

Dostoyevskiyning hamma qahramonlari shikasta, ezilgan. Biroq ularning ichida katta qalb yashirin. Har biri qaysidir jihatdan yetuk kishilar. Bu yozuvchining qahramonlari kitobxonni o‘ziga shunday chorlab oladilarki, kitobxon o‘sha qahramon bo‘lib yashaydi, so‘zlaydi, o‘ylaydi. Dostoyevskiy asarlari tugamaydi, aksincha, tugagandan so‘ng boshlanadi va kitobxon tafakkurida yashaydi.