Linn Treysi 2023 yil yanvaridan beri AQShning Moskvadagi elchisi. U bu lavozimda Jon Sallivan o‘rnini egalladi. Bungacha Treysi taxminan to‘rt yil davomida AQShning Armanistondagi elchisi bo‘lgan va undan avval Afg‘oniston, Qozog‘iston, Pokiston va Turkmanistonda ishlagan. Linn Treysi «Kommersant» nashriga Moskvadagi elchi sifatidagi faoliyati davomida birinchi katta intervyuni berdi.
Rossiyaliklarga munosabati haqida
Bu yerga ilk bor 20 yoshdan sal oshganimda talaba sifatida kelganman. Sovet ittifoqi davrida edi. Mana, uchinchi tashrifim davomida shuni aytishim mumkinki, Rossiyada yashovchi odamlarni avvalgidek juda hurmat qilaman. Rossiya — buyuk tarix va juda boy madaniyatga ega mamlakat.
Men xalq diplomatiyasiga ishonaman va uni qo‘llab-quvvatlayman. Biz, Amerika Qo‘shma Shtatlarining Rossiya hukumati bilan kelishmovchiligi bo‘lishi mumkin, lekin Rossiya xalqi bilan emas.
Rossiya qaysi yo‘nalishda ketayotganini ko‘rish achinarli: u o‘tmishga, qatag‘on davrida qaytayotganga o‘xshaydi. 1980-yillar oxirida bu yerga kelganimda, Nikolay Buxarinning reabilitatsiyasi bilan jamiyat qanday ilhomlangani, nihoyat o‘tmish haqida ochiq-oydin gapirish mumkin bo‘lganini yaxshi eslayman. Shu sababli, norozilik va xotira ovozlari yana bo‘g‘ilayotganini ko‘rish juda achinarli va xavotirli.
Rossiyaliklar amerikaliklarning dushmani yoki yo‘qligi haqida
Hozir rusofobiya, Rossiyani yo‘q qilish, Rossiyaning kelajagiga barham berish haqida ko‘p gapirilmoqda. Bu Qo‘shma Shtatlarning maqsadi emas. Va biz, albatta, Rossiya xalqini hech qanday tarzda yo‘q qilishni xohlamaymiz. Umuman olganda, AQSh-Rossiya munosabatlariga kelsak, shuni ta’kidlashni istardimki, Qo‘shma Shtatlar rossiyaliklarni dushman deb hisoblamaydi. [Shunga qaramay] bizning munosabatlarimiz juda uzoq vaqtdan beri eng past nuqtalardan birida.
Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush haqida
Rossiya 2014 yilda Ukrainadagi vaziyatni noto‘g‘ri talqin qildi. Va 2022 yilda uni yana noto‘g‘ri talqin qildi va shunday qilishda davom etmoqda. 2013 yilda Ukraina Yevropa Ittifoqiga yuzlandi. Ammo keyinchalik Ukraina hukumati Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikdan voz kechdi. Bu qaror [Ukrainada] kuchli reaksiyaga sabab bo‘ldi va Rossiya 2014 yilda ekstremal beqarorlik yo‘liga o‘tdi, Qrimni noqonuniy ravishda anneksiya qilib, Donbassdagi vaziyatni beqarorlashtirdi. Shu bilan birga, Ukrainaning NATOga a’zoligi [ukrainaliklar orasida] qo‘llab-quvvatlanmagan edi.









