Ispaniya: grandlar reabilitatsiyasi

La Liga. 32-tur
Real — Almeriya 4:2
Gollar: Benzema (5, 17, 42 penalti), Rodrigo (47) — Lazaro (45+1), Robertone (61).
Real – Kurtua, Ryudiger, Militao, Kamavinga, Kroos (Nacho, 72), Sebalqos, Tchuameni, Vaskes, Vinisius (Karvaxal, 82), Rodrigo (Asensio, 72), Benzema.
Almeriya – Fernando, Mendes, Eli, Chumi, Akeme (Melero, 75), Puchmal (Eguaras, 57), Portilo, de la Os (Robertone, 57), Samu Koshta (Sentelyyes, 75), Lazaro, Ramazoni (Suares, 64).
Ogohlantirishlar: Vinisius (37), Lazaro (66), Mendes (67), Kamavinga (74).

«Real» Jironadagi fiaskodan keyin alamini «Almeriya»dan oldi, qatorasiga uch turda gol ura olmagan Benzema bu o‘yinning birinchi bo‘limidayoq het-trik rasmiylashtirdi. Fransuz hujumchisi birinchi va ikkinchi gollarni Vinisius Junior va Rodrigoning qanotdan uzatmalari evaziga urdi, bo‘lim oxirida esa Lukas Vaskes ishlagan penaltini aniq ijro etdi.

Shunday qilib «Oltin to‘p» sohibi chempionatdagi gollari sonini 236 taga yetkazib, la liga to‘purarlari ro‘yxatida to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi. U Madrid jamoasining 80-yillardagi afsonasi — meksikalik Ugo Sanchesni ortda qoldirdi. Oldinda — Sarra (253), Krishtianu Ronaldu (311) va Messi (473). Benzema shu sur’atda davom etsa, «Atletik»ning o‘tgan asr o‘rtalaridagi yulduzini ortda qoldirishi tayin. Karim Sarra bilan oradagi farqni shu o‘yindayoq qisqartirishi mumkin edi, ammo ikkinchi bo‘limda VAR aralashuvidan keyin Benzema tomonidan hujumda fol qayd etilib, bosh hakam belgilagan penalti bekor qilindi, uning so‘nggi daqiqalardagi zarbasi esa darvoza ustuniga tegdi.

Bu o‘yinda Vinisius ham alohida e’tiborga loyiq o‘yin ko‘rsatdi. Bir tomondan, braziliyalik futbolchi yana hissiyotlarini tiyib tura olmadi va unga sariq kartochka ko‘rsatildi. Agar arbitr uning sarkazm bilan yo‘llagan olqishini e’tiborsiz qoldirmaganida, u maydondan chetlatilishi ham mumkin edi. Ammo hakamlar yulduz futbolchilarni ayashadi, Vinining maqomini esa uning statistikasi ham tasdiqlaydi: ushbu yosh braziliyalik qatorasiga ikkinchi yil barcha turnirlar hisobga olingan holda gol+pas tizimida 20 talik nuqtani zabt etdi (20 gol va 20 golli uzatma).

Barselona — Betis 4:0