O‘zbekiston | 10:11 / 04.05.2023
10826
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat chegarasidan o‘tuvchi noqonuniy yerosti yo‘li qazigan fuqarolarga sud hukmi o‘qildi

2022 yilning 23 iyun kuni Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasidan o‘tuvchi yashirin yerosti yo‘li fosh etildi. 

Videodan kadr

Dastlab, mahalliy fuqaro boshqaruvidagi avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, unda tegishli hujjatlari bo‘lmagan, umumiy bahosi 7 mlrd 603 mln 650 ming so‘mni tashkil qiluvchi, 38 turdagi 2707 dona mobil telefon apparatlari borligi aniqlandi.

So‘ngra u vaqtincha yashab kelayotgan Rishton tumanidagi xonadonda Qirg‘iziston hududiga olib o‘tuvchi 10 metr pastlikda, balandligi 2 metr, kengligi 1,2 metr, uzunligi 128 metr bo‘lgan, tushib-chiqish uchun lift bilan jihozlangan yerosti yo‘li borligi aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, Dang‘ara tumanida yashovchi ushbu shaxs o‘zbek-qirg‘iz davlat chegaraoldi hududida joylashgan hovli uylardan sotib olib, ularning ko‘cha tomon qismlarini baland devorlar bilan to‘sgan va jinoiy harakatlarini maskirovka qilish maqsadida har ikkala uyda, ya’ni Qirg‘iziston hududidan sotib olgan xonadonda pena-blok ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan, O‘zbekiston hududidan sotib olgan uyda esa chorvachilik tashkil etgan.

So‘ngra Dang‘ara tumanida istiqomat qiluvchi, 1984-1993 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 5 nafar fuqaroni yerosti yo‘li qazishga yollagan.

Yerosti yo‘li qurib bitkazilganidan keyin, u orqali Qirg‘izistondan noqonuniy tadbirkorlarning tovar-moddiy boyliklarini, xususan, mobil telefon apparatlar, matolar, tibbiyot buyumlari va dori vositalarini mamlakatga, O‘zbekistondan esa ko‘p miqdordagi xorijiy valuta qimmatliklarini qo‘shni davlatga o‘tkazish bilan shug‘ullangan.

Aniqlangan ushbu holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi.

Farg‘ona viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining hukmi bilan mazkur shaxslar Jinoyat Kodeksining 182- va 223-moddalari bilan aybdor deb topilib, ularning 3 nafariga 6 yildan 7 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum etish jazosi, qolgan 3 nafariga esa axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Shuningdek, jinoyat ishi doirasida ashyoviy dalil sifatida olingan 7 mlrd 603 mln 650 ming so‘mga baholangan 2707 dona mobil telefon apparatlari davlat egaligiga o‘tkazilishi belgilandi.

Bundan tashqari, Rishton tumani "Qozi Ahror" MFY, A.Temur 3-tor ko‘chasida joylashgan umumiy yer maydoni 1524 m2 bo‘lgan uy davlat egaligiga o‘tkazilishi va ushbu uydagi yerosti yo‘li tegishli tartibda ko‘mib tashlanishi belgilandi.

Mavzuga oid