Rossiya Qahramonlarining dahanaki jangi

Avvaliga Prigojin «Axmat» batalyoni nima ish bilan shug‘ullanayotganini tushunmayotganini aytdi. Qodirovning yaqin kishilari Adam Delimxanov va Magomed Daudov esa unga javob qaytarishdi. Delimxanov Prigojin o‘q-dori yetishmovchiligidan nolishi asossiz ekani, u hammadan ko‘p yordam olganini aytib, Putin va Qodirovni alqadi. Daudov esa Prigojinni Jyenya deb atab, uni erkakchasiga gaplashib olishga chaqirdi. Shundan keyin mojaro avj oldi.

«Yevgeniy Viktorovichni bloger deb atab ular bizni haqorat qilishdi. «Axmat»dagilarning videolari Tik-tok va Youtube'da aylanib yurgan vaqtda biz o‘z vazifamizni bajarayotgandik. Avval kim bloger, kim esa adolat ta’minlanishiga intilayotgani haqida savolga javob topish kerak», deb yozdi «Vagner»ga aloqador «Ten» Telegram-kanali go‘yoki Rossiya Qahramoni unvoniga ega komandirning so‘zlarini keltirayotganini iddao qilib.

Bu kanalda «Zombi» laqabli, o‘zining aytishicha, Rossiya Qahramoni unvoniga ega yana bir «vagnerchi»ning so‘zlari keltirilgan: «Ular e’tiqodni o‘ldirishmoqda. Biz to‘g‘ri yo‘lda ekanimiz va vatanimizni himoya qilayotganimizga ishonch bag‘ishlaydigan e’tiqodni. «Vagner» «maxsus harbiy amaliyot» (Rossiyada urushni shunday atashadi – tarj.) vaqtida birorta aholi yashash punktini dushmanga berib qo‘ymadi. Va siz bizni nimadadir ayblamoqchimisiz? Boshlig‘imizga qilingan haqoratni har birimiz o‘zimizga qilingan deb qabul qilamiz», deyiladi bayonotida.

Prigojinga qarshi «Lord»

Urush davomida rossiyaliklar orasida juda ko‘p o‘zaro mojarolar avj oldi. Ammo bu haqda hech bir rasmiy OAVda axborot berilmadi. Rossiya mudofaa vazirligi ham «Vagner» rahbari tomonidan juda ko‘p narsada ayblanganiga qaramay, bunga biror marta munosabat bildirmadi.

Ammo 1 iyun kuni Yevgeniy Prigojinning chiqishlariga Checheniston parlamenti raisi, Ramzan Qodirovning eng yaqin odamlaridan biri bo‘lmish «Lord» raqabli Magomed Daudov javob qaytardi. U o‘z kanalida bergan javobida «Axmat» batalyoni Rossiya mudofaa vazirligi va Rosgvardiyaning maxsus bo‘linmasi deb e’lon qilinganini ta’kidladi. Daudov Prigojinga javobida davlat vakili sifatida gapirayotganiga urg‘u bergan.

«Demak, gap bunday, Jyenya. Bizga qo‘yilgan vazifalar haqida sen bilishing shart emas. Bu haqda oliy bosh qo‘mondon, Checheniston rahbari, Rossiya Qahramoni Ramzan Axmatovich Qodirov biladi. Sen doim kimnidir otish kerakligi haqida gapirasan. Ulug‘ vatan urushi vaqtida bunday chiqishlar uchun o‘zingni otib tashlashardi, Jyenya. Har kunlik bunday chiqishlaring bilan nimaga erishayotganingi ham tushunmayman. Senga Rossiya Qahramoni unvoni berishayotganda odamlar orasida bunday vahimali kayfiyat uyg‘otasan deb o‘ylamagandim», dedi Daudov.