11:28 / 04.07.2023
9221

Prigojinning isyoni Rostovga deyarli 100 million rublga tushdi

Yollanma askarlarning og‘ir texnikasi Rostov-Donda yo‘l qoplamasining 12 ming kvadrat metr maydoniga zarar yetkazgan.

OMAN ROMOKHOV / AFP

24 iyun kuni isyonga urinish paytida Rostov-Donga kiritilgan «Vagner» XHKning og‘ir texnikasi shahar yo‘l qoplamasi va piyodalar yo‘laklariga katta zarar yetkazdi, deb yozadi TASS 3 iyul, dushanba kuni shahar ma’muriyatiga tayanib. Rostov hokimiyati zararni 92,5 million rublga baholagan. 

«Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, avtomobil transporti sohasida yetkazilgan zarar miqdori 28,8 million rublni tashkil etgan. Shuningdek, besh birlik ixtisoslashtirilgan kommunal texnikaga zarar yetgan. Uni qayta tiklash uchun birinchi navbatda 63,7 million rubl kerak», — deyiladi ma’muriyat xabarida. 

Rostov-Don ma’muriyati rahbari Aleksey Logvinenkoning ta’kidlashicha, shaharda 12 ming kvadrat metr yo‘l qismi va 210 kvadrat metr piyodalar yo‘laklari shikastlangan. 

Rostov 24 iyunga o‘tar kechasi «Vagner» XHK tomonidan egallab olindi va kechqurun yollanma askarlar bo‘linmalari shaharni tark etdi. Isyon infratuzilmaga zarar yetkazganiga va 13 rossiyalik uchuvchining o‘limiga olib kelganiga qaramay (Yevgeniy Prigojin ma’lumotlari), na XHK boshlig‘i, na yollanma askarlar hech qanday jazoga tortilmadi. Kelishuvga ko‘ra, yollanma askarlar Belarusga ko‘chib o‘tmoqda. 

Mavzu
Prigojin isyoni
23 iyun kuni kechqurun «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojin RF mudofaa vazirligini vagnerchilarga hujum qilishda ayblab, «adolat marshi» e’lon qildi. 24 iyun kuni uning qo‘shini Rostovni egallab, Moskva tomon yo‘lga tushdi.
Barchasi
Top