Endigina 3-sinfni bitirayotgan E’zoza yo‘l-harakati qoidasini buzmagan holda piyodalar uchun belgilangan maxsus yo‘lakdan yo‘lni kesib o‘tayotganda uni mashina urib yuboradi. Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, hodisa shu yilning may oyida poytaxtning Uchtepa tumani Lutfiy ko‘chasida sodir bo‘lgan.
“Matiz” rusumli avtoulov haydovchisi YTH sababini tartibga solinmagan piyodalar o‘tish yo‘lagidan o‘tayotgan piyodani ko‘rmay qolgani bilan izohlagan. Hodisa kuzatuv kameralariga tushib qolgan. Tasvirlarda “Matiz” piyodalar uchun belgilangan yo‘lakchadan kengligi 28 metr bo‘lgan ko‘chaning yarmigacha borib ulgurgan qizchani katta tezlikda kelib urib yuborgani aks etgan.

Biroq haydovchi YPX xodimlari bilan suhbatda 8 yashar qizchani urib yuborgan paytda soatiga 60 kilometrdan sal yuqoriroq tezlikda harakatlanib kelganini aytib, aybni zimmasidan soqit qilishga urinadi.
“Yo‘lning narigi tomonidan yugurib o‘tib qoldi. To‘xtashga ulgurmadim, tormozni bosganimni bilaman, borib urdim. Qizcha zarb kuchidan uchib ketdi”, deydi qoidabuzar haydovchi.

Eng qizig‘i, hodisa sodir bo‘lgan vaqtda yo‘lning qatnov qismida “Matiz”dan boshqa avtoulov bo‘lmagan. Ya’ni haydovchining ta’biri bilan aytganda, uning piyodani ko‘rmay qolishiga sabab bo‘ladigan hech bir omil mavjud bo‘lmagan.
“Kichkina odamni emas, katta odamni urib yuborganday pachaq bo‘lgan-ku mashina. Sakkiz yoshli bola, u murg‘akkina go‘dak bo‘ladi-ku hali. Tez yurishning oqibatida bo‘ladi bunaqa halokatlar. Belgilangan joy bo‘lsa, yo‘l belgilari ko‘rinib turgan bo‘lsa, piyodalar o‘tish joyi bo‘lsa, qanday ko‘rmay qolish mumkin?” deydi odam o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchiga kuyinchalik bilan YPX inspektori.
















