O‘zbekiston | 07:41 / 17.08.2023
4555
3 daqiqa o‘qiladi

OTM uchun o‘quv adabiyotlarini chop etishga ruxsat berish davlat xizmatlari asosida tashkil etiladi

“Oliy ta’lim muassasalari uchun o‘quv adabiyotlarini chop etishga ruxsat berishni davlat xizmatlari asosida tashkil etishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Oliy ta’lim muassasalari uchun o‘quv adabiyotlarini chop etishga ruxsat berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlanadi.

Unda quyidagilar:

  • ta’lim tashkilotlari uchun davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o‘quv reja va fan dasturlariga muvofiq tayyorlangan o‘quv adabiyotlarini chop etishga ruxsat berishni davlat xizmati asosida tashkil etish tartibi;
  • o‘quv adabiyotlarini ekspertizadan o‘tkazish va nashrga ruxsat olish bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi;
  • chop etishga ruxsat berilgan o‘quv adabiyotlariga elektron shakldagi QR-kodli nashr ruxsatnomasi berish;
  • o‘quv adabiyotlarini ekspertizadan o‘tkazish jarayonida ishtirok etuvchi mutaxassislarga shartnoma asosida haq to‘lash;
  • davlat xizmatidan foydalanish uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch barobari miqdorida to‘lov undirish;
  • davlat xizmatlarini ko‘rsatishning rad etish asoslari belgilanadi.

Qaror bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentga muvofiq ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan foydalanish uchun jismoniy shaxslar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda:

  • qaror bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentga muvofiq davlat xizmatlarining YaIDXP orqali joriy etilishini ta’minlaydi;
  • YaIDXPda davlat xizmatlari ko‘rsatilishining har bir bosqichida murojaatlar ko‘rib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etadi;
  • o‘quv adabiyotlarini ekspertizadan o‘tkazish va chop etishga ruxsat berilgani to‘g‘risidagi nashr guvohnomalarini berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun to‘lovlar Yagona billing tizimiga ulanishini ta’minlaydi.

Mavzuga oid

E`lonlar