O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning taklifiga binoan 15 sentabr kuni Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Davlat rahbari tuzilma tashkil etilganidan buyon o‘tgan 30 yilda Orol dengizi havzasida ekologik xavf-xatarlarga qarshi kurashish masalalarni hal etish, qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan yondashuvlarni ishlab chiqishda jamg‘armaning o‘rni va ahamiyatini tahlil qildi.
“Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi – bu, avvalo, Markaziy Osiyo mamlakatlarining global miqyosdagi eng o‘tkir muammolardan birini yechish bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorlik borasidagi noyob tajribasidir”, - dedi prezident.
O‘zbekiston yetakchisi ko‘p tomonlama sheriklik samaradorligini huquqiy va institutsional jihatdan ta’minlash bo‘yicha muhim vazifalar turganini qayd etib, suv-ekologiya sohasidagi hamkorlikka oid qator amaliy takliflarni ilgari surdi.
Jamg‘armaning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish va institutsional mexanizmlarini modernizatsiya qilish doirasida asosiy hujjat va bitimlarni xatlovdan o‘tkazish va qayta ko‘rib chiqish, amaldagi tuzilmani tahlil qilish va jamg‘arma tarkibidagi tashkilotlar ishini muvofiqlashtirish va samarasini oshirish borasida takliflar tayyorlash, uning faoliyati va hamkorlik masalalarini aniq tartibga soluvchi “Qoida va tartib-taomillar”ni ishlab chiqish taklif qilindi.
“Jamg‘armani rivojlantirish va isloh etish jarayonlarini tarmoqlararo tamoyil asosida, ya’ni zamonaviy ekologik tahdidlarni hisobga olgan holda, “suv – energetika – oziq-ovqat” tartibidagi kompleks yondashuvlar negizida amalga oshirish muhimdir”, - alohida ta’kidladi davlat rahbari.
Asosan milliy rejalar yo‘nalishida amalga oshirilayotgan Orol dengizi havzasi mamlakatlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha to‘rtinchi dasturning ijrosi tashvishga soladigan holatda ekanini bildirib, O‘zbekiston prezidenti jamg‘arma boshqaruviga amaldagi dasturni tanqidiy qayta ko‘rib chiqish topshirig‘ini berish hamda har bir mintaqaviy loyihaning hajmini va moliyalashtirish manbalarini belgilagan holda, “yo‘l xaritalari”ni, ularning ijrosi bo‘yicha kelishilgan jadvalni tayyorlashni taklif etdi.
Ustuvor mintaqaviy loyihalarni ilgari surish uchun investitsiya, texnologiya va texnik ko‘makni jalb etish masalalari bo‘yicha tizimli hamkorlikni ham kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
















