O‘zbekiston | 08:11 / 28.09.2023
4546
2 daqiqa o‘qiladi

Laziz Qudratov OIIB boshqaruv kengashi raisi etib saylandi

Osiyo infratuzilmaviy investitsiya banki boshqaruvchilar kengashining 8-yillik yig‘ilishida O‘zbekiston vakili boshqaruv kengashi raisi etib saylandi.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

O‘zbekiston delegatsiyasi 25 sentabr kuni Misrning Sharm-al-Shayx shahrida boshlangan Osiyo infratuzilmaviy investitsiya banki boshqaruvchilar kengashining 8-yillik yig‘ilishida ishtirok etdi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 25-26 sentabr kunlari «Infratuzilma sohasida investitsiyalar yetishmovchiligini bartaraf etishda xalqaro moliya institutlarining roli» va «Markaziy Osiyoning suv-energetika muammosi: O‘zbekistonda barqaror rivojlanishni ta’minlash» mavzularida sessiyalar bo‘lib o‘tdi.

Bundan tashqari, bank boshqaruvchilari o‘rtasida biznes-sessiya o‘tkazildi. Unda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri, O‘zbekistondan OIIB boshqaruvchisi Laziz Qudratov so‘zga chiqib, hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qator konstruktiv takliflar bildirdi. Davlat va xususiy loyihalarini moliyalashtirish hajmini oshirish, ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekiston orqali o‘tuvchi xalqaro transport yo‘laklarini yaratish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirish taklif etildi.

O‘zbekistonning bankning navbatdagi yillik yig‘ilishini 2024 yil 25-26 sentabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazish bo‘yicha taklifini ma’qullash to‘g‘risida OIIB boshqaruv kengashining qabul qilgan qarori yig‘ilishning asosiy masalalaridan biri bo‘ldi.

Ovoz berish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston vakili Laziz Qudratov OIIB boshqaruv kengashi raisi etib saylandi.

Mavzuga oid