Faoliyati yo‘lga qo‘yilganiga ko‘p bo‘lmagan 10 mingga yaqin yoshlar yetakchilari tomonidan respublika yoshlarining elektron ma’lumotlar bazasi shakllantirilgan. Bugun mazkur ma’lumotlar asosida ko‘makka muhtoj yoshlarga davlat tomonidan turli yordamlar ko‘rsatib kelinmoqda. Bular qanday yordamlar? Umuman, yoshlar yetakchilari vakolatlariga nimalar kiradi? Mutaxassis javob berdi.

Savollarga Yoshlar ishlari agentligi bosh mutaxassisi Nuriddin Shodiyev javob beradi.

—   Yoshlar yetakchilari qanday tanlab olinadi?

—   Prezidentimiz tomonidan 2022 yil 19 yanvarda 92-sonli qaror bilan har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi. Maktab yetakchilari bekor qilinib, mahallaga o‘tganiga sabab maktabda shundog‘am yoshlarni biriktiruvchi, nazorat qiluvchi tizim bor. Lekin mahallada ijtimoiy himoyaga muhtoj, tarbiyasi og‘ir yoshlar bor. Yoshlarning bandligini ta’minlash, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun 9 444 ta mahallada yoshlar yetakchisi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu lavozim tashkil etilganda davlat xizmatchisi sifatida ochiq tanlovga e’lon berilgan. Jami 45538 ta talabgor o‘z arizalarini topshirgan, har bir o‘ringa 4,5 nafar nomzod to‘g‘ri kelgan. Tuman va shahar hokimlari boshchiligida komissiya tuzilib, har bir mahallaga yoshlarni ortidan ergashtira oladigan nomzodlar tanlangan.

—   Vakolatlar va yordamlar haqida ma’lumot bersangiz.

—   O‘tgan 2 yilda yoshlar yetakchilariga 30 xildagi yordam ko‘rsatish turlari vakolat sifatida berilgan. Eng saralari: yoshlar bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb qilish uchun 224 ming nafar yoshlarga 5 trln so‘m kredit ajratildi. Tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan yoshlar o‘zi bilan birgalikda bir nechta yoshlarni ham ish bilan ta’minlaydi; kontrakt masalasida 97 ming talabaga 275 mlrd so‘m kontrakt mablag‘lari to‘lab berilgan; yetakchilari mahalladagi yoshlar sonini aniqlagan. Uyma-uy yurib yoshlarni ro‘yxatga olib, holati bo‘yicha to‘plangan ma’lumotlarning barchasi elektron platformaga kiritilgan. Bizda respublika bo‘yicha yoshlar bazasi paydo bo‘lgan.

Yordamdan tashqari, iqtidorli, bo‘sh vaqti bo‘lgan yoshlarni turli musobaqalarga jalb qilish ishlari ham olib boriladi. Misol uchun «5 tashabbus» tadbirlariga 11 mln yoshlar jalb etildi. Bu tadbirlar 2 mavsumli bo‘ladi, hozir ikkinchi mavsum ketyapti. Ta’lim muassasalarida ham «5 tashabbus» musobaqalari o‘tkazilyapti.