Samarqanddagi “Kolizey” maydoni “Bravo” orkestri, O‘zbekiston xalq artisti Jyenisbek Piyazov va mashhur filmlar saundtreklaridan iborat yorqin chiqishlar uchun sahnaga aylandi. Biroq kunning asosiy voqeasi ushbu bayramning asosiy qahramonlari - kinofestival doirasida aniqlangan g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash bo‘ldi.

Qizil gilamdan o‘zbek va jahon kinosi yulduzlari, taniqli aktyor va rejissyorlar, prodyuserlar, ssenariynavislar o‘tishdi. Film janrlariga ko‘ra, yopilish marosimi ajoyib videorolik bilan boshlandi, tantanali qismdan so‘ng sahnaga “Oskar” va “Oltin globus” sovrindori Kevin Speysi chiqdi. Bir kun oldin AQShdan kelgan aktyor Toshkentda shov-shuvli master-klass o‘tkazgan edi.

– Menimcha, sizda ushbu festival ortida turgan tinchlik, taraqqiyot va ma’rifat degan uch g‘oyaning o‘ziga xos poydevori va asosi bor. Bularning barchasi ajoyib g‘oyalar. O‘tgan mahorat darslari esa mutaxassislarga va yosh intiluvchan kinoijodkorlarga bilim olish va o‘sishda yordam berish imkoniyatini beradi. Men bu qanchalik muhimligini bilaman, chunki kinoni birinchi marta kashf qilganimda shunday dasturlarda o‘sganman. Men ekranda o‘zimni hayratga solgan buyuk shaxslar: Ketrin Xepbern, Spenser Treysi, Preston Sturges, Al Pachinoni tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘lganman, ulardan ilhom olardim va shuning uchun bu yerda qilayotgan ishingiz bebaho, ayniqsa, yoshlar uchun juda muhim, - dedi Speysi.

Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov mehmonlar va ishtirokchilarga o‘z minnatdorchiligini bildirib, kinofestivalning ahamiyatini alohida ta’kidladi. Festival besh kun davom etdi, kino ustalari ishtirokida 60 dan ortiq mahorat darslari tashkil etildi va ularga olti mingga yaqin insonlar tashrif buyurdi.

Kinofestival doirasida jahon kinematografiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun xorijlik kino ustalar: rejissyorlar Aleksandr Sokurov, Irakliy Kvirikadze, Piyetro Marselo taqdirlandi.

Shuningdek, bir qator filmlar rejissyorlari viloyat hokimligi maxsus sovg‘alari bilan taqdirlandi. TURKSOY vakili Shahnoza Burhoniddinova va mazkur xalqaro tashkilot Bosh kotibi maslahatchisi Mayra Qarsakboyyeva “Oltin yulduz” maxsus mukofoti bilan taqdirlandi. Turkmanistonlik Sahisalik Bayramov “Taqdir daraxti” filmi uchun TURKSOY xalqaro turk madaniyat tashkilotining maxsus “Oltin yulduz” mukofotiga sazovor bo‘ldi. Qirg‘izistonlik Aktan Arim Kubat Turk dunyosi kinematograflari uyushmasining “Oltin tulpor” maxsus mukofoti bilan taqdirlandi.