O‘zbekiston | 10:20 / 18.10.2023
17594
3 daqiqa o‘qiladi

Navbatdagi holat: Turk sayyohi Toshkent-Andijon poyezdida 100 ming so‘m evaziga joyini almashtirganini aytdi

Korrupsion yo‘l bilan ekonomdan VIP klassga o‘tgan gollandiyalik sayohatchidan so‘ng, tarmoqlarda turk sayyohining Andijonga ketayotgan poyezdda joyini almashtirish uchun 100 ming so‘m pora bergani aytilgan video tarqaldi. Rasmiylar holat tekshirilayotganini ma’lum qildi.

O‘zbekistonga tashrif buyurgan turkiyalik sayyoh Toshkent-Andijon yo‘nalishidagi sayohatida poyezd xodimiga 100 ming so‘m (8,20 dollar) qo‘shimcha pul berib joyini almashtirganini aytadi.

 

"Yonimizga vagon xizmatchisi kelib, ma’lum bir mablag‘ evaziga alohida bir kupe qilib berishini aytdi. Hayotimizda ilk marta pora berdik, do‘stlar. O‘zimni biroz yomon his qildim. Ammo 5-10 daqiqadan so‘ng bergan qo‘shimcha 100 ming so‘m pulimiz evaziga yaxshi bir kupeda Toshkentdan Andijongacha bo‘lgan 6 soatlik masofaga go‘zal manzaralarni tomosha qilib yetib keldik”, – deydi xorijlik sayyoh.

Ushbu hodisa qachon va qayerda yuz bergani xozircha noma’lum.

Kun.uz holat yuzasidan “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ matbuot xizmatiga so‘rov yubordi. Mas’ullar vaziyat o‘rganilayotganini ma’lum qilishdi.

Eslatib o‘tamiz, bundan avvalroq gollandiyalik sayyoh “Afrosiyob” elektropoyezdning VIP klassiga o‘tish uchun poyezd boshlig‘iga qo‘shimcha 15 dollar pul bergandi. Voqeadan 4 kun o‘tib xodim ishdan olingandi.

“O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatilla Rahmetov matbuot anjumanida sohadagi muammolar va chipta narxlari bo‘yicha savollarga javob berarkan, bu vaziyatda xodimlarni jazolash chora bo‘lmasligini, boshqa yechim ishlab chiqilganini ma’lum qilganini, endilikda poyezdlarda ekonom klassdan biznes klassga o‘tish uchun “upgrade” tizimidan foydalanish tizimi yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilgan.

“Ya’ni ekonom klassda ketayotgan yo‘lovchi biznes klassda joy borligini ko‘rsa, o‘sha yerning o‘zida biznes klassning pulini to‘lab, qonun doirasida shu joyga kiraveradi. U to‘lagan pul esa budjetga, soliqqa tushaveradi. Endilikda rasman shu narsani joriy etamiz. Bu – ham bir foyda”, – degandi u.

Mavzuga oid