AQShning O‘zbekiston xalqi bilan hamkorligini chuqurlashtirish maqsadida 23 oktyabr kuni AQSh Xalqaro hamkorlik agentligi (USAID) administratori Samanta Pauer Toshkentga keldi, deb xabar qildi AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.

Tashrif davomida u global sog‘liqni saqlash, boshqaruv va iqtisodiy o‘sish sohalarida hamkorlikni mustahkamlash uchun qo‘shimcha 14,2 million dollar ajratilishini e’lon qildi.

Diplomatik missiya ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu qo‘shimcha mablag‘ evaziga AQSh USAID orqali quyidagi dasturlar ustida ish olib boradi.

Silga qarshi kurash

«O‘zbekiston dori-darmonga chidamli sil kasalligining yuqori darajadaligi bilan kurashib kelmoqda», — deyiladi elchixona xabarida.

USAID besh yillik tashabbus sanalgan «Sildan xoli O‘zbekiston» dasturini ishga tushirib, u orqali keng qamrovli qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini taqdim etish va mamlakat bo‘ylab silga qarshi asosiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini oshirish maqsadida qo‘shimcha 3,2 million dollar sarmoya kiritadi.

«Sildan xoli O‘zbekiston» dasturi kasallik yuqishining oldini olish va aniqlash, davolashni boshlash, sil kasalligining stigmasini kamaytirish, shuningdek, axborot tizimlari va moliyalashtirishni takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlarni ilgari surishda yordam beradi. 2002 yildan beri O‘zbekistonning silga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun qariyb 60 million dollar sarmoya kiritgan.

Epidemiya va pandemiya tahdidlariga qarshi kurash

USAID global sog‘liqni saqlash xavfsizligini mustahkamlashda O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlik qiladi.

«4 million dollarlik sarmoya O‘zbekistonning kelajakdagi tahdidlar, epidemiyalar va pandemiyalarga chidamliligini oshirish uchun eng yaxshi tajriba va USAID-19 chora-tadbirlaridan olingan saboqlarga yo‘naltiriladi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, ushbu mablag‘ O‘zbekistonga laboratoriya va kuzatuv tizimlarini favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini, xavf-xatarlar chog‘ida aloqa bog‘lash va jamoatchilik bilan hamkorlikni kuchaytirish imkonini berishi ta’kidlandi.