O‘zbekiston | 18:16 / 25.11.2023
14061
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda qizamiq bilan kasallanish o‘chog‘i paydo bo‘ldi. Yil boshidan buyon 735 ta holat qayd etilgan

Sanepidqo‘m Namangan viloyatida qizamiqqa chalingan bolalar soni keskin oshganini tasdiqladi. Yil boshidan buyon viloyatda bu kasallikka chalinish bilan bog‘liq 735 ta holat qayd etilgan, hozirda uch yoshgacha bo‘lgan 255 nafar bola davolanmoqda. Taqqoslash uchun, 2022 yil davomida butun respublika bo‘ylab qizamiqqa chalinish bo‘yicha atigi 8 ta holat kuzatilgan.

Foto: Getty images

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Namangan viloyatida qizamiqqa chalingan bolalar soni keskin oshib ketayotganligi to‘g‘risidagi xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 2023 yilning 10 oyida viloyat bo‘yicha jami 735 ta qizamiq kasalligi laboratoriya tekshiruvida tasdiqlangan.

Hozirda Namanganda hozirda 255 nafar bola qizamiq kasalligidan davolanmoqda. 255 nafar bemorning 62 foizi 1 yoshgacha bolalar, 25 foizi esa 1-3 yoshdagi bolalar. Ularning 235 nafari viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida, 20 nafari esa Beshkapa bolalar sihatgohida. Mazkur ikki shifoxonada hozirda mos ravishda 5 ta va 80 ta zaxira shifo o‘rni mavjud.

Qo‘mita viloyatda diagnostikum, reagent va vaksinalarning zaxirasi yetarli miqdorda ekanligini ta’kidlagan. 

Xususan, Namangan viloyatiga 9500 doza qizamiq-qizilcha vaksinasi berilgan. 1936 nafar bola epidemiologik ko‘rsatma asosida qizamiq kasalligiga qarshi vaksina bilan emlangan. Hozir davolash profilaktika muassasalari emlash xonalarida 310 doza qizamiq-qizilcha vaksinasi  zaxirasi mavjud.

«Noyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti hisobidan 3 mln doza qizamiqqa qarshi vaksinalar xarid qilindi. Ushbu vaksinalar epid ko‘rsatma bo‘yicha emlanadigan qatlam, ma’lum sabablarga ko‘ra emlashdan qolib ketgan bolalar hamda xavf guruhiga kiruvchi, qizamiq kasali bo‘lgan bemor bilan muloqotda bo‘lgan 6 oydan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarni emlash uchun mo‘ljallangan, va ayni vaqtda hududlarga tarqatilmoqda», – deyiladi Sanepidqo‘m izohida.

JSST saytidagi statistikaga ko‘ra, 2022 yilda O‘zbekistonda jami 8 ta qizamiq bilan kasallanish holati ro‘yxatga olingan.

Mavzuga oid