Ortda qolayotgan hafta davomida O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalarning qisqacha tafsilotlari – Kun.uz dayjestida.

O‘RVI tarqalishi keskin ko‘payib, tibbiyot tizimiga yuklamani oshirdi

Noyabr oyi boshidan beri O‘zbekiston bo‘ylab gripp va o‘tkir respirator virusli infeksiyalarga chalinish holatlari keskin ko‘paygani kuzatilyapti. Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, eng ko‘p kasallanish holatlari bolalar orasida va Toshkent shahrida kuzatilyapti. Vazirlik poytaxtdagi bolalar shifoxonalariga yuklama ortib ketganini tasdiqladi. Ayni paytda shifoxonalarda joy qolmagani, tez yordam 2 soatgacha kechikib yetib kelayotgani haqida ham ma’lumotlar bor.

Payshanba kuni sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov bu masalada yig‘ilish o‘tkazdi. Unda Zangiota-1 yuqumli kasalliklar shifoxonasida O‘RVIga chalingan bolalar uchun ajratilgan o‘rinlar sonini 300 tadan 500 taga oshirish, tez yordam chaqiruvlariga zaxiradagi 40 ta avtomashinani ajratish, ambulator davolanishi mumkin bo‘lgan bemorlarga uyga javob bergan holda ularning sog‘ligini kuzatuvga olish kabi choralar belgilandi.

Hafta davomida Xitoyda bolalar orasida pnevmoniyaga chalinish holatlari keskin ko‘payib ketgani va bu yangi virus bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlar ham xavotirlarga sabab bo‘ldi. Mamlakat shimolidagi bir nechta shaharlarda bolalar kasalxonalari to‘lib ketgan. Xitoy rasmiylari bu holatni ob-havoning sovib ketishi va COVID-19 bo‘yicha cheklovlar olib tashlanishi bilan izohladi. Rasmiy Pekin Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining so‘roviga javob berib, epidemiyaga allaqanday yangi sirli virus sabab bo‘layotgani haqidagi taxminlarni rad etdi.

Bu xabarlar fonida Namanganda qizamiq bilan kasallanish o‘chog‘i paydo bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Sanepidqo‘m xabariga ko‘ra, yil boshidan buyon viloyatda qizamiq bilan kasallanish bo‘yicha 735 ta holat qayd etilgan. Hozirda uch yoshgacha bo‘lgan 255 nafar bola davolanmoqda. Taqqoslash uchun, 2022 yil davomida butun respublika bo‘ylab qizamiqqa chalinish bo‘yicha atigi 8 ta holat qayd etilgan. Rasmiylar viloyatda diagnostikum, reagent va vaksinalarning zaxirasi yetarli miqdorda ekanini ma’lum qildi.