Jamoalar JCh-2023ga qanday yo‘l olgandi?

Jaloliddin Rahmatullayev murabbiyligidagi o‘smirlarimiz yozda Tailandda o‘tgan Osiyo kubogi U17 bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, JCh-2023ga yo‘llanma olgandi. O‘zbekiston D guruhida Yaponiya bilan 7 ochkodan jamg‘arib, chorakfinalda Saudiya Arabistonini mag‘lub (2:0) etgan holda jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi. Vakillarimiz yarimfinalda koreyslarga yutqazgan (0:1) bo‘lsa, Yaponiya finalda Janubiy Koreyani mag‘lub (3:0) etib, turnirga Osiyo chempioni sifatida borgandi. Hozirga kelib esa Osiyoda o‘tayotgan turnirda osiyoliklardan faqat O‘zbekiston qoldi.

Jan Lyuk Vannuki qo‘l ostidagi Fransiya o‘smirlar jamoasi esa JCh-2023ga Yevropa vitse-chempioni sifatida kelgan. Fransuzlar yozda o‘tgan U17 Yevropa chempionati yarimfinalida Ispaniyani 3:1 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, finalda Germaniya bilan 0:0 hisobni qayd etgan va penaltilar seriyasida mag‘lub (4:5) bo‘lib, qit’a chempionligini qo‘lga kirita olmagandi.

Chorakfinalgacha bosilgan yo‘l

O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi jahon chempionatini Malidan uchralgan yirik mag‘lubiyat (0:3) bilan boshlagach, Jamoliddin Rahmatullayev shogirdlarining turnirga «sayyoh» sifatida kelgani haqida gapirganlar ko‘p bo‘ldi. Ammo ular 2-turda Kanada ustidan yirik hisobda zafar quchgach (3:0), o‘smirlarimizning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchi oshdi. 3-turda esa Ispaniya bilan tengma-teng kurashda jangovar durang qayd etilgach, pley-off yo‘llanmasi qo‘lga kiritildi. Nimchorakfinalda barcha Angliyani favorit sifatida ko‘rsatgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston futbol vatani bo‘lgan mamlakatni uyiga ravona (2:1) qilib, Fransiyaga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldi.

Kelajak yulduzlari fabrikasi sifatida e’tirof etiladigan Fransiya U17 jamoasi esa guruh bosqichida Burkina-Faso (3:0), Janubiy Koreya (1:0), AQSh (3:0) o‘smirlarini mag‘lub etib, pley-offga yuz foizlik natija bilan chiqdi. Nimchorakfinalda esa Senegal ustidan penaltilar seriyasida (0:0, 5:3) ustun kelib, O‘zbekistonga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldi. Fransiya bu turnirda hali darvozasidan gol o‘tkazib yubormagan yagona jamoa bo‘lib turibdi.

FIFA o‘z xatosini xaspo‘shlab, Fransiyani ayadi

O‘zbekistonga qarshi o‘yin oldidan Fransiya JCh-2023dagi asosiy mojaro ishtirokchisi bo‘lib qoldi. Senegal 1/8 finalda penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchrab, turnirni tark etgan bo‘lsa-da, Fransiyaning ham chorakfinalda o‘ynashiga qarshi chiqib, fransuzlar hujumchisi Yannis Issufuning JCh-2023 Afrika saralash bahsi doirasida Niger o‘smirlar jamoasi safida maydonga tushganini FIFA reglamentining qo‘pol tarzda buzilishi deya shikoyat yozdi. Sababi FIFA qoidalariga ko‘ra, futbolchining bir turnirda ikki jamoa safida o‘ynashi qat’iyan man etilgan. Shundan kelib chiqilsa, FIFA reglamentiga binoan Fransiya turnirdan diskvalifikatsiya qilinishi lozim edi. Shu bilan birga bu – Yannisni turnir «zayavka»sidan o‘tkazgan FIFAning ham yo‘l qo‘ygan xatosi edi.