10 dekabr, yakşanba kuni Osloda 2023 yil uçun tinçlik böyiça Nobel mukofotini topşiriş marosimi bölib ötdi, uning laureati eronlik huquq himoyaçisi, ayollar huquqlarini himoya qilgan va mamlakat hukumati tomonidan qamoqqa olingan Nargis Muhammadiy böldi. Marosimda Muhammadiyning farzandlari Ali va Kiana Rahmoniylar iştirok etişdi. Ular onasining diplomi va medalini oldilar, şuningdek, Muhammadiyning Nobel ma’ruzasini öqib berdilar.
Oslodagi Nobel qömitasi oktyabr oyi boşida Muhammadiyga tinçlik mukofoti berilişini e’lon qildi. U «Eronda ayollarga nisbatan zulmga qarşi kuraş va inson huquqlari va erkinliklarini tarğib qiliş» uçun mukofotlangan.
Muhammadiy Erondagi Inson huquqlari himoyaçilari markazi vitse-prezidenti. Oxirgi 20 yil içida Eron rasmiylari uni rejimga qarşi gapirgani, şuningdek, jurnalistik va inson huquqlari sohasidagi faoliyati uçun bir neça bor qamoqqa taşlagan. Jahon yetakçilari va xalqaro taşkilotlar Muhammadiyni qöllab-quvvatladi.
Germaniya taşqi işlar vaziri Annalena Berbok eronlik huquq himoyaçisiga mukofot berilişini olqişladi. Uning sözlariga köra, bu mukofot «erkinlik uçun kuraşda ayollarning kuçini» namoyiş etadi. «Muhammadiyning qörqmas ovozini erkinlikdan mahrum qilib bölmaydi, Eron kelajagi - uning ayollari», deb yozadi Berbok.
Eronda Muhammadiy jami 31 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan
2021 yilda Eron hukumati Muhammadiyni «davlatga qarşi taşviqot» uçun 2,5 yil qamoq va 80 darra urişga hukm qildi. Amnesty International uni vijdon mahkumi deb ataydi. Umuman olganda, huquq faoli Eronda 13 marta hibsga olingan, jami 31 yil qamoq jazosiga hukm qilingan va hozir ham qamoqda.
«U ayollar huquqlari uçun tizimli kamsitiş va zulmga qarşi kuraşadi. U ayollarning tölaqonli va munosib hayot keçiriş huquqi uçun kuraşini qöllab-quvvatlaydi. Butun Eron böylab bu kuraş ta’qiblar, qamoqxonalar, qiynoqlar va hatto ölim bilan birga keçdi. Namoyişçilar tomonidan bildirilgan erkinlik talablari nafaqat ayollar, balki butun aholiga tegişli», deyiladi Nobel qömitasi bayonotida.
2023 yil uçun nomzodlar
Nobel qömitasining ma’lum qilişiça, 2023 yilda tinçlik böyiça Nobel mukofoti uçun 351 nomzod da’vogarlik qildi. Mukofotning butun tarixida köproq nomzodlar faqat 2016 yilda körsatilgan - 376. Mukofotga nomzodlarning ismlari mukofot topşirilgandan keyin 50 yil davomida sir saqlanadi, lekin ba’zida ma’lum bölib qoladi.








