Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainada urush boshlanganidan beri ilk marta o‘zi rossiyaliklarning savollariga javob beradigan an’anaviy onlayn muloqot – «Pryamaya liniya»da qatnashdi. Putinning bu galgi muloqoti birato‘la matbuot anjumani ko‘rinishida ham o‘tkazildi.

Urush qachon tugaydi?

Rossiya prezidentiga Ukrainadagi urush haqida eng ko‘p savol berishdi. Xususan, tinchlik qachon bo‘lishi haqida so‘rashdi. Putin tinchlik Rossiya barcha qo‘yilgan vazifalarni bajarib bo‘lganida o‘rnatilishini aytdi. Uning fikricha, urush boshlanishiga sabab bo‘lgan «denatsifikatsiya», «demilitarizatsiya» va Ukrainaning betaraflik maqomi hamon dolzarb hisoblanadi.

«Ukrainani denatsifikatsiya qilish masalasi hamon aktual bo‘lib turibdi. Demilitarizatsiya masalasi biz istagandek ketmoqda deyish mumkin. Ukraina G‘arbdagi ittifoqchilar va’da qilgan hamma qurollarni ortig‘i bilan olib bo‘ldi. Biz ittifoqchilari berganidan ko‘proq qurollarni yo‘q qildik. Ukraina hozir aytarli hech narsa ishlab chiqara olmayapti. To‘g‘ri, ularga hali ko‘p qurol berishadi, lekin biz yo‘q qilishda davom etamiz. Mana bu – demilitarizatsiya.

Ikkinchi safarbarlik to‘lqini bo‘ladimi? Bu borada ko‘p gaplar bo‘lmoqda. O‘tgan gal safarbar qilinganlar haqida istehzo bilan gapirishdi, lekin ular juda zo‘r jang qilyapti. Safarbar qilinganlar orasidan 14 nafar Rossiya Qahramoni chiqdi. Bu ko‘p narsadan dalolat. Juda ko‘p rossiyalik erkaklar qo‘liga qurol olib vatanni himoya qilmoqchi. Nega yana safarbarlik kerak?» – dedi Putin.

Rossiya yetakchisi mamlakat Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarni uzmagani, munosabatlar tiklanishiga esa doim tayyorligini ta’kidlagan.

«Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarni biz uzganimiz yo‘q. Ularning o‘zi bizni ikkinchi, uchinchi planga tushirib qo‘yishdi. Ukrainadagi mojaro nimadan boshlangandi? Keling, 3-4 daqiqa vaqtimizni ayamay boshidan eslaylik. Ukrainadagi davlat to‘ntarishidan. Birinchidan, Yanukovich saylovda yutgach unga hukumatni topshirmay saylovda uchinchi tur e’lon qilindi. Keyin u baribir saylovni yutdi. Keyin nima qilishdi? Davlat to‘ntarishi.

Qora dengiz bo‘yidagi Yevropa davlatlari doim Rossiyaga moyil bo‘lgan, chunki ularning aksari eski Rossiya yerlari. Ukrainaning nima aloqasi bor? Qrim, Odessa rus shaharlari. Vladimir Lenin bu yerlarni Ukrainaga berib yuborganiga, SSSR tarqalgach ham bu yerlar Ukraina tarkibida qolishiga ko‘ndik. Lekin keyin ularning munosabati o‘zgarib ketdi. Donbassda 8 yil davom etgan voqealar bizni hozir bo‘layotgan ishlarga undadi. Yevropa Ittifoqida esa bularni ko‘rmaganga olishdi. Minsk kelishuvini imzoladik, ukrainlar bunga tupurib qo‘yishdi.