Jahon | 14:08 / 11.01.2024
6931
3 daqiqa o‘qiladi

Navalniy birinchi marta Yamaldagi koloniyadan video-aloqa orqali chiqish qildi

2023 yil oxirida qutb doirasidan tashqaridagi koloniyaga ko‘chirilgan Aleksey Navalniy dekabr oyi boshidan beri birinchi marta sud majlisiga ulandi.

Foto: Alexandra Astakhova/Mediazona

Rossiyalik muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniy birinchi marta 2023 yil oxirida ko‘chirilgan Yamaldagi maxsus rejimli koloniyadan sud majlisiga video-aloqa orqali bog‘landi. «Hurmatli sudya, ko‘z yoshlarim oqmoqda - barchangizni ko‘rganimdan juda xursandman. Aziz Kovrov sudi, muhtaram ayblovchilar, hurmatli himoyachilarim va qadrli kotib - sizlarni ko‘rganimdan juda xursandman», dedi Navalniy chorshanba, 10 yanvar kuni kinoya bilan Vladimir viloyati Kovrov shahar sudi majlisida. 

IK-6ga qarshi da’voni ko‘rib chiqayotgan sudya Kirill Nikiforov muxolifatchining iltimosiga ko‘ra, siyosatchi o‘z advokati bilan muloqotda bo‘lishi uchun besh daqiqalik tanaffus e’lon qildi, deb xabar beradi «Mediazona» muxbiri. 

Navalniy qutb doirasidan tashqaridagi koloniyaga o‘tkazildi 

«Polyarnyy volk» koloniyasiga ko‘chirilishidan oldin siyosatchi Vladimir viloyati Melexovo qishlog‘idagi IK-6da edi. Dekabr oyi boshida Navalniyning safdoshlari deyarli uch hafta davomida u bilan aloqaga chiqa olmadi. Uning qayerda ekanligi 25 dekabrgacha, siyosatchi Yamalo-Nenets avtonom okrugidagi IK-3ga o‘tkazilgani haqida ma’lumot paydo bo‘lgunga qadar ma’lum emas edi.

9 yanvar kuni Navalniy ijtimoiy tarmoqlarda o‘zining Yamal koloniyasidagi jazo kamerasida ekanligini ma’lum qilgan postini joylashtirdi. «Meni Uzoq Shimoldagi barakka qamab qo‘yishgani va endi jazo kamerasida ta’qib qilish to‘xtatiladi, degan fikr soddalik edi. Men karantindan endigina chiqqandim, ammo «mahkum Navalniy o‘zini to‘g‘ri tanishtirishdan bosh tortdi, tarbiyaviy ishlarga reaksiya bildirmayapti, o‘zi uchun to‘g‘ri xulosa chiqarmayapti», deyishdi. 7 kun jazo kamerasida bo‘laman», dedi siyosatchi.

Rossiyada Navalniyning jinoiy ta’qib qilinishi

Navalniy 2021 yil fevralida «Iv Roshe» ishi bo‘yicha firibgarlikda aybdor deb topilgach, Rossiya rasmiylari tomonidan koloniyaga jo‘natilgan edi. O‘shanda siyosatchiga 2 yil-u 8 oy qamoq jazosi berildi. 2022 yil mart oyida Navalniy yana firibgarlikda, keyin esa sudyani haqorat qilishda aybdor deb topilib, 9 yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qilingan edi. 

2023 yil avgustida Aleksey Navalniy Moskva shahar sudi tomonidan «ekstremistik hamjamiyat»ni tashkil etganlikda ayblanib, maxsus rejimli koloniyada 19 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Rasmiylarga ko‘ra, siyosatchi asos solgan Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi shunday hamjamiyat bo‘lgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid