“Tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan davlat organlariga hisobot va statistik ma’lumotlarni taqdim etish jarayonlarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
2024 yildan tadbirkorlardan talab qilinadigan, o‘zaro bir-birini takrorlovchi va davlat organlarining boshqa organlardan olish imkoniyati mavjud bo‘lgan 8 turdagi hisobot va statistik ma’lumotlar bekor qilinadi.
Tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan davlat organlariga taqdim etiladigan hisobot va statistik ma’lumotlarning yagona ro‘yxati tasdiqlandi.
Hisobotlar faqat axborot tizimlari orqali taqdim etiladi.
2026 yil 1 yanvargacha “tadbirkorlik sub’yektining shaxsiy kabineti” orqali hisobotlarni shakllantirish va davlat organlariga taqdim etishni nazarda tutuvchi yagona hisobotlar tizimi joriy qilinadi.
Hisobotlarni topshirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
- 2026 yil 1 yanvardan barcha tadbirkorlar uchun – ixtiyoriy;
- 2027 yil 1 yanvardan kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’yektlari uchun – majburiy;
- 2028 yil 1 yanvardan barcha tadbirkorlar uchun – majburiy.











