Oʻzbekistonda soliq maʼmurchiligini takomillashtirishga qaratilgan qonun va Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqiladi.
Loyihada quyidagilar nazarda tutiladi:
soliqning belgilangan muddatda toʻlanmagan qismiga hisoblanadigan penya toʻlanmagan soliq summasidan oshib ketmasligini belgilash;
yakka tartibdagi tadbirkorlarga savdo avtomatlarini oʻrnatish va elektron savdoda buyurtmalarni topshirish punktlarini ochish huquqini berish;
fiskal chek shakllantiriladigan raqamli platformalar orqali faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni nazorat-kassa texnikasidan foydalanish majburiyatidan ozod etish;
hisobga qoʻyilmagan shartnomalar asosida ijaraga olingan yoki tekin foydalanilayotgan koʻchmas mulk obyektidagi tovar qoldiqlari sanoqdan oʻtkazilmasligi bilan bogʻliq talabni bekor qilish.
Qonun va hukumat qarori loyihasi 2026-yil noyabr oyida tayyor boʻlishi kerak.
Bu topshiriq – prezidentning tadbirkorlar bilan muloqotida belgilangan vazifalar ijrosiga oid farmonida nazarda tutilgan.
Topshiriq ijrosi uchun bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Qoʻchqorov va boshqalar masʼul etib belgilangan.
















