Avvaliga Isroilni sharsiz qo‘llashi bilan arab jamiyatlarida nufuzini yo‘qotgan AQSh keyinchalik Arab bahori, Afg‘oniston va Iroqdagi urushlar ortidan arab elitalaridagi ishonchni ham boy bera boshladi. G‘azodagi beshafqat urush esa mintaqada Amerika ta’sirini cheklashga bo‘lgan intilishlarni ortga qaytmas jarayonga aylantirdi.

Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturi AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha siyosatini ekspertlar Kamoliddin Rabbimov, Farhod Karimov va Shavkat Ikromov bilan birgalikda ko‘rib chiqdi.

— AQShning Yaqin Sharq siyosati o‘zgarishi negizi Isroilning G‘azoga bosqinimi yoki boshqa omillar ham bormi?

Farhod Karimov: — AQShda “Katta Yaqin Sharq” strategiyasi bor, 90-yillar boshida ma’lum qilingan edi. Bilamizki, AQShning qudrati dunyo siyosatida bir qancha mintaqalardagi prioritetlari bilan belgilanadi, shunday muhim hududlardan biri Yaqin Sharq. Katta Yaqin Sharq strategiyasi 2006 yilda yangilanib, Yangi Yaqin Sharq strategiyasi vujudga keldi, bu aynan o‘sha eski strategiyaning o‘zi, faqat prioritetlar va taktikalar o‘zgardi. Bu narsa o‘sha paytdagi AQSh davlat kotibi Kandaliza Rays tomonidan e’lon qilingan.

AQSh uchun Yaqin Sharqning markazida Isroil turadi, uning atrofida strategiya qurilgan. Shu ma’noda G‘azodagi, Iroqdagi, Suriyadagi voqealar o‘sha strategiyaning bir qismi, shuning uchun ham katta o‘zgarishlar bo‘lmaydi, kichik taktik o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Qachonki Yaqin Sharqdagi o‘yinchilar o‘zgarsa, o‘shanda katta o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Bugungi kunda mintaqaga Xitoy omili kirib kelyapti, ilgari himoyachi sifatida faqat AQSh chiqardi Yaqin Sharq masalalarida, endi suyanadigan boshqa sub’yektlar ham paydo bo‘lyapti, bu esa o‘yin qoidalarini o‘zgartirib boradi. Umuman, G‘azodagi holat AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha strategiyasini o‘zgartiradi deb o‘ylamayman.

— Arab davlatlari jamiyati va elitasining AQSh bilan munosabatlarda tafovut bormi, bu nimani anglatadi?

Kamoliddin Rabbimov: — Bunday tafovut bor. Bundan oldin AQShning tashqi dunyodagi siyosiy qarashlariga to‘xtalsak. 11 sentabr voqealaridan keyin AQSh uchun Yaqin Sharq, arab davlatlarining ahamiyati nihoyatda oshdi. AQSh Afg‘oniston va Iroqda katta urush olib bordi, lekin Obama hokimiyatga kelgach, bu urushlar katta tarixiy xato bo‘lganini aytdi. Sababi esa biz urush bilan band paytda Xitoy tinchgina iqtisodiy va geosiyosiy o‘sishga erishdi, dedi. Shundan so‘ng Obama AQShning doktrinasini Yaqin Sharqdan olib, Xitoy va uning atrofiga qaratdi. Bugungi kunda ekspertlar AQShni Yaqin Sharqdan chiqib ketayotgan davlat deyishadi. Keyingi 2 asrda kollektiv G‘arb Yaqin Sharqning homiysi, boshqaruvchisi bo‘lib keldi. Lekin bugun dunyoda geosiyosiy vaziyat o‘zgaryapti, AQSh ichida izolyatsionizm kayfiyati kuchli, uning maqsad va prioritetlari o‘zgarmoqda. Shu paytga qadar Yaqin Sharqda asosiy neft ishlab chiqarilar, AQSh esa bu hududning xavfsizligini ta’minlashga e’tibor qaratgan edi, ammo bugun eng katta neft ishlab chiqaruvchi AQShning o‘zi. Qolaversa, AQShning mintaqadagi ishtiroki tushib boryapti, chunki mintaqa davlatlari bilan munosabatlar bir qadar tushib bormoqda. Shu fonda Saudiya, BAA, Misr BRIKS va ShHTga ariza berdi. Ya’ni mintaqada AQShdan to‘yinish, ishonchsizlik hissi yuqori. Endi arab davlatlari hech qanday homiylarsiz mustaqil o‘yinchi bo‘lmoqchi.