10:01 / 04.04.2024
25327

Qozog‘istondagi YTHda 8 nafar o‘zbekistonlik vafot etgani bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzildi

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, Qozog‘istondagi YTHda vafot etgan 8 nafar o‘zbekistonlikning jasadi Mudofaa vazirligining maxsus havo borti orqali vatanga qaytariladi. 

Foto: Polisia.kz

Qozog‘istonning Aqto‘be oblastida sodir bo‘lgan YTH oqibatida vafot etgan 8 nafar o‘zbekistonlik jasadi mamlakatga olib kelinadi, deb xabar berdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan, baxtsiz hodisada vafot etganlarni Mudofaa vazirligining maxsus havo borti orqali vatanga olib kelish va dafn etish marosimlarini o‘tkazish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzilib, kerakli barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

«Favqudodda vaziyatlar vazirligi mas’ullari qozog‘istonlik hamkasblari bilan doimiy aloqada bo‘lib, baxtsiz hodisaning kelib chiqish sabablarini o‘rganish bo‘yicha hamkorlik ishlarini olib bormoqda», — deyiladi xabarda.

3 aprel kuni Samara-Chimkent trassasining Qozog‘istonning Aqto‘be oblasti Marjonbuloq qishlog‘idan o‘tgan qismida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. YTH Volvo yuk mashinasi hamda O‘zbekiston fuqarosi boshqaruvidagi Toyota-Alhpard miniveni ishtirokida sodir bo‘lgan.

Hodisa oqibatida miniven haydovchisi va undagi yetti nafar yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘lgan. Qurbonlarning barchasi O‘zbekiston fuqarolari.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, harakat vaqtida yuk avtomobilining shinasi yorilib ketgan, haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va miniven bilan to‘qnashgan.

Top