Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yangi Kaledoniyaga uşbu hududda sönggi 40 yil içidagi eng jiddiy tartibsizliklar fonida keldi. «Men tinçlikni tiklaşda hamma narsani qilişga qat’iy qaror bilan keldim - hurmat, kamtarlik va qurbonlarni xotirlaş uçun. Mening maqsadim vazirlar va butun hukumat bilan birgalikda xalqni qöllab-quvvatlaş va barça guruhlar bilan Yangi Kaledoniya kelajagini muhokama qiliş», dedi u 23 may, payşanba kuni Yangi Kaledoniya ma’muriy markazi, Noumea şahriga yetib kelganida.

Makronning sözlariga köra, «qarorlar qabul qilinadi va hammaga oçiqlanadi». Ayni paytda prezident atrofidagilar Makronning aniq rejasi yöqligini va katta siyosiy qarorlar kutilmayotganini aytişmoqda. Makronga, jumladan, Fransiya içki işlar va mudofaa vazirlari Jyerald Darmanen va Sebasten Lekornyu hamrohlik qilmoqda.

Yangi Kaledoniyada tartibsizliklar 

Yangi Kaledoniyada ötgan haftada saylov tizimi islohotiga qarşi ommaviy norozilik namoyişlari çoğida 6 kişi halok böldi, tartibsizliklar va avtomobillarni yoqişlar davom etmoqda. Fransiya Yangi Kaledoniyaga qöşimça uç ming politsiyaçi yubordi. 

Emmanuel Makronning ta’kidlaşiça, Yangi Kaledoniya politsiyasi qança vaqt kerak bölsa, şunça tayyor holatda böladi. «Yaqin kunlarda, agar kerak bölsa, tartibni töliq tiklaş uçun yangi keng kölamli tadbirlar ötkaziladi, çunki boşqa çora yöq», - dedi u. 

Yangi Kaledoniyada tartibsizliklar tufayli minglab sayyohlar qolib ketdi. Fransiya, Avstraliya va Yangi Zelandiya öz fuqarolarini zudlik bilan evakuatsiya qilişni taşkillaştirdi. Germaniya Taşqi işlar vazirligi, agar zarurat bölmasa, Yangi Kaledoniyaga sayohat qilmaslikni tavsiya etdi. 

Saylov tizimi islohoti 

Namoyişçilar uzoq Parijda amalga oşirilgan saylov islohoti Yangi Kaledoniya 270 000 aholisining 40 foizini taşkil etuvçi kanak aborigenlari ta’sirini kamaytiradi, deb xavotirda, çunki bu hududda kamida ön yil yaşagan fransuzlar saylovda ovoz beriş huquqiga ega bölişi mumkin.

Fransiya 1853 yilda Yangi Kaledoniya ustidan nazorat örnatdi va 1946 yilda mustamlakaga fransuzlarning xorijdagi hududi maqomini berdi. Yangi Kaledoniya dunyodagi uçinçi yirik nikel işlab çiqaruvçisi, ammo işlab çiqariş inqirozda va hudud aholisining beşdan bir qismi qaşşoqlikda yaşaydi.