Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Moskva 300 mingga yaqin kishini safarbar qilishi mumkinligi haqidagi ssenariyni ishonarli deb hisoblashini bildirdi. DW xabariga koʻra, u bu haqda 24-sentabr, payshanba kuni TF1 va France 2 telekanallari efirida gapirgan.

«Ular oʻz saylovlarini kutishdi. Saylovlar oʻtdi va bugun Rossiya bu ishni amalga oshirishi aniq», - dedi Makron. U 18–20-sentabr kunlari Rossiya Davlat dumasiga boʻlib oʻtgan saylovlarni nazarda tutgan.

Fransiya prezidentining qoʻshimcha qilishicha, Moskva safarbarlikni rasman eʼlon qiladimi yoki uni yashirin tarzda oʻtkazadimi - hozircha nomaʼlum.

Makron Rossiya bunday qadamga tayyorgarlik koʻrayotganini koʻrsatuvchi bir nechta belgi kuzatilganini aytdi. AQSH, Yevropa va Ukraina razvedkalarining maʼlumotlariga munosabat bildirib, u: «Bu bizga ishonarli boʻlib koʻrinayotgan ssenariy», - deya taʼkidladi.

Yevropada dushmanlik harakatlari koʻpaygan

Makronning aytishicha, soʻnggi haftalarda Yevropa boʻylab dushmanona harakatlar soni ortgan. U oʻtgan hafta siyosiy kuchlar vakillarini yigʻib, ularni tahdidning kuchayishi va buning Fransiya uchun oqibatlari haqida ogohlantirganini maʼlum qildi.

Fransiya prezidentining fikricha, Moskva yevropaliklar Kiyevga yordam berayotgani sababli Yevropani Ukrainaning strategik orqa hududi deb hisoblaydi. U Ukraina Rossiyani urushni toʻxtatishga majbur qilish maqsadida uning neftni qayta ishlash zavodlari va boshqa obyektlariga zarbalar berayotganini ham qayd etdi.

«Shu sababli Yevropa nishonga aylanishi mumkin», - dedi Makron.

Uning taʼkidlashicha, hujumlar axborot maydonida yolgʻon maʼlumotlarni tarqatish orqali, shuningdek, kibermakonda ham amalga oshirilmoqda.

Fransiya muhim infratuzilmani himoya qilish rejasini tayyorlamoqda

Makron 18-sentabr kuni Rossiya tomonidan gibrid hujumlar xavfi ortib borayotgani fonida Fransiya oʻta muhim infratuzilmani himoya qilish rejasini ishlab chiqayotganini maʼlum qilgan edi.

Xabarda qayd etilishicha, avval Rossiya saylovlarga aralashish va migrantlardan Yevropaga bosim oʻtkazish vositasi sifatida foydalanishda ayblangan boʻlsa, endi Yevropa maxsus xizmatlari diversiyalar, qasddan oʻt qoʻyish, muhim infratuzilmaga hujumlar va havo hududi buzilishi holatlarida ham Rossiyaning ehtimoliy ishtirokini tekshirmoqda.