Inson huquqlari böyiça Yevropa sudi (IHeS) Gurjiston sobiq prezidenti Mixail Saakaşvilining unga qarşi ötkazilgan ikki jinoiy sud jarayonidagi qonunbuzarliklar haqidagi şikoyatini qanoatlantirmadi. «Sobiq prezidentga nisbatan jinoiy iş qözğatilişining adolatliligiga şubha qiliş uçun heç qanday asos yöq», — deb yozadi IHeS matbuot xizmati X ijtimoiy tarmoğida.
Saakaşvilining IHeSga arizasi unga nisbatan qöyilgan ikkita jinoiy iş yuzasidan bölgan. Birinçisi, 2005 yilda deputat Valeriy Gelaşvilining şafqatsizlarça kaltaklanişini taşkil qiliş bilan boğliq bölsa, ikkinçisi, Saakaşvili 2008 yilda qotillikda ayblangan Gurjiston Içki işlar vazirligining tört nafar yuqori martabali amaldoriga bergan amnistiya bilan boğliq. Ikki holatda Saakaşvili 2018 yilda aybdor deb topilib, sirtdan mos ravişda olti va uç yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.
IHeS: Sud jarayonlarida heç qanday qonunbuzarlik kuzatilmadi
IHeS bir ovozdan Saakaşvilini bu işlar böyiça adolatli sudlov huquqidan mahrum etilmagani haqida qaror çiqardi. Sud, şuningdek, inson huquqlari böyiça Yevropa konvensiyasining 7-moddasi («Faqat qonun böyiça jazolaş») sobiq prezidentga nisbatan buzilmagan, degan qarorga ikki ovozga qarşi beş ovoz bilan keldi.
Qarorda, şuningdek, sobiq prezident öziga qöyilgan ayblovlarning siyosiy motivlarini asoslab bera olmagani qayd etilgan. IHeS Tbilisidagi sud tomonidan qöyilgan ayblovlar «jiddiy va asosli» ekanligini va sud qarama-qarşilik asosida ötganini ta’kidladi.
Saakaşvili Gurjistonda 9 yillik qamoq jazosini ötamoqda
Mixail Saakaşvili 2021 yilda Gurjistonga qaytganidan keyin hibsga olingan. U töqqiz yillik qamoq jazosini ötamoqda. Norozilik belgisi sifatida sobiq prezident qamoqxonada köp marotaba oçlik e’lon qilgan. Uning soğliği bir neça bor oğir deb tan olingan. 2022 yildan beri Saakaşvili xususiy klinikada hibsda saqlanmoqda.








