DW xabariga köra, 25-oktabr kuni Tbilisida hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi siyosatiga qarşi «Ivanişvilisiz Gurjiston» şiori ostida yuriş ötkazilgan. Uni muxolifat va fuqarolik jamiyati vakillari taşkil etgan.
«Kavkazskiy uzel» naşri yozişiça, iştirokçilar Tbilisi davlat universitetidan Rustaveli şohköçasi tomon yurgan. Aksiyada minglab odamlar qatnaşib, Gurjiston, Ukraina va Yevropa Ittifoqi bayroqlarini kötarib borgan. Hududga köp sonli huquq-tartibot xodimlari ham jalb etilgan.
«Özgarişlar uçun koalitsiya» yetakçisi Nika Gvaramiya miting oldidan bu aksiyani noroziliklarning yangi tölqini boşlanişi deb atagan. U 28-noyabr kuni imkon qadar köp odam töplanişi muhimligini taʼkidlagan. Bu sana Gurjistonda 2024-yil noyabrida boşlangan ommaviy namoyişlarning ikki yilligiga töğri keladi.
«Yevropa Gurjistoni» yetakçisi Giga Sereteli ham 28-noyabrda katta aksiya rejalaştirilganini maʼlum qilgan.
«Gruziya Online» naşri keltirgan bayonotda Sereteli mamlakatda demokratiyaga putur yetkazilayotgani va siyosiy hayot çeklanayotganini aytgan. Uning fikriça, bir paytlar Yevropa integratsiyasi yölida ilğor bölgan Gurjiston bugun ortda qolmoqda. Siyosatçi partiyalarni taqiqlaş masalasi va siyosiy mahbuslar deb hisoblaydigan şaxslarning taqdirini ham asosiy muammolar qatorida sanagan.
Gurjistonda ommaviy noroziliklar 2024-yil bahorida «çet el agentlari» töğrisidagi qonunga qarşi boşlangan. Keyinçalik «Gurjiston orzusi» partiyasining parlament saylovidagi ğalabasidan söng namoyişlar kuçaygan.
Öşa yil noyabrida hukumat Yevropa Ittifoqiga qöşiliş böyiça muzokaralarni 2028-yilgaça keçiktirişini eʼlon qilgaç, noroziliklar keng kölamli siyosiy inqirozga aylangan. Namoyişlar politsiya bilan töqnaşuvlar, közdan yoş oqizuvçi gaz va suv purkagiçlar qöllanişi bilan keçgan.

















