O‘zbekiston | 21:05 / 15.06.2024
16052
16 daqiqa o‘qiladi

Yetarlicha ovqatlanmayotgan bolalar, Notcoin sabab qamalganlar va energetikaga yana 14 trln - hafta dayjesti

O‘zbekistonda 5 yoshgacha bolalarning deyarli yarmi oiladagi yetishmovchilik sabab sifatli ovqatlanmaydi. Kriptoaktivlarni noqonuniy sotganlar qamalmoqda. Energetika tizimini qishga tayyorlash uchun yana milliard dollardan ko‘proq mablag‘ ajratildi. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa xabarlari – Kun.uz dayjestida.

O‘zbekiston – bolalari yetarli darajada sifatli ovqatlanmaydigan davlatlar ro‘yxatida

O‘zbekistonda talab darajasida ovqatlanib ulg‘ayayotgan yosh bolalarning ulushi bor-yo‘g‘i 66 foizga teng. Boshqacha aytganda, 5 yoshga to‘lmagan har 100 nafar boladan salkam yarmi, ya’ni 44 nafari oilasidagi kambag‘allik sabab yetarli darajada sifatli ovqatlanmaydi. Achinarlisi, bolalarimizning 11 foizi ovqatlanish bilan bog‘liq o‘ta qashshoq ahvolda yashayapti.

Bu ma’lumotlar YUNISEFning dunyo mamlakatlaridagi tadqiqotlar umumlashtirilgan yangi hisobotida keltirib o‘tilgan. Hisobotda yozilishicha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan birgalikda ishlab chiqilgan mezonlarga asosan, 5 yoshga to‘lmagan bolalar sog‘lom o‘sishi va rivojlanishi uchun 8 ta guruhga kiruvchi mahsulotlarning kamida 5 tasini doimiy iste’mol qilishi kerak. Agar bola 3 yoki 4 ta turdagi mahsulotlarni iste’mol qilib ulg‘ayayotgan bo‘lsa, yetarlicha ovqatlanmaslikning o‘rta darajasi, kundalik ratsioni bor-yo‘g‘i 2 ta guruhdagi mahsulotlardan iborat bo‘lsa, yetarlicha ovqatlanmaslikning o‘ta og‘ir darajasida yashayotgan bo‘ladi.

2016-2022 yillarda o‘tkazilgan o‘rganishlarga ko‘ra, bolalar ratsionining sifati bilan bog‘liq muammo dunyo bo‘yicha 63 ta davlatda kuzatilgan. Ulardan biri – O‘zbekiston. Mamlakatimizda 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 33 foizi o‘rta darajada, 11 foizi esa o‘ta og‘ir darajadagi ratsion tanqisligi sharoitida yashayapti.

Yosh bolalarning bu 11 foizlik qatlami qashshoq oilada o‘sayotgani sabab kundalik ratsionida uzog‘i ikki xil turdagi oziq-ovqatlar mahsulotlarini iste’mol qiladi. Taxmin qilish mumkinki, ularning ratsioni ko‘krak suti, qolipli non va go‘shsiz qozonovqatdan iborat. Mahsulotlarning boshqa guruhlari, ya’ni go‘sht, baliq va sut mahsulotlari, tuxum, vitaminga boy meva-sabzavotlar, ayniqsa tropik mevalar va yong‘oqlarni ular kamdan kam holatlardagina iste’mol qilishadi.

Bolalar ishtirokidagi YTHlar

Ratsion tanqisligi bolalarimizning sog‘lom o‘sib-ulg‘ayishi uchun asosiy to‘siqlardan biri, lekin yurtimizda ularning to‘g‘ridan to‘g‘ri hayotiga ham xavf soladigan boshqa bir katta tahdid ham bor: bu – yo‘llardagi avariyalar. Aniqroq aytganda, millionlab qoidabuzar haydovchilar va ularga chora ko‘rishni yillarga cho‘zib yurishdan uyalmaydigan soha rahbarlari – O‘zbekiston bolalari uchun eng katta xavflar qatorida qolmoqda.

9 iyun kuni Navoiy viloyatida, Navbahor–Nurota yo‘lida ro‘y bergan dahshatli avariya oqibatida jami 6 kishi, xususan 2 nafar yosh bola halok bo‘ldi. Kun.uz manbasiga ko‘ra, Gentra haydovchisi o‘zidan oldinda ketayotgan Damas'ni quvib o‘tmoqchi bo‘lganida, qarama-qarshi tomondan kelayotgan Onix bilan to‘qnashgan. Natijada jami 6 kishi – Gentra haydovchisi va eng achinarlisi, Onix'da ketayotgan bir oilaning naq 5 a’zosi: 36 yoshli erkak, uning onasi, ayoli, 2 yashar o‘g‘li va 2 oylik qizi halok bo‘lgan.

Ertasiga, Samarqandning Toyloq tumanida boshqaruvni yo‘qotgan Damas yo‘l chetidagi ikki piyodani urib ketdi. Voqea videosidan ko‘rinishicha, ulardan biri yosh bola bo‘lgan. Hodisa oqibatida ikki piyoda va Damas'dagi bir yo‘lovchi tan jarohatlari olgan. Baxtli tasodif tufayli omon qolgan jabrlanuvchilarga shifoxonada tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Toyloqdagi avariyadan bir kun o‘tib endi Toshkentda ham bir bola mashina tagida qoldi. Seshanba kuni Uchtepa tumani Ko‘kcha darvoza ko‘chasida “Zil” rusumli yuk mashinasi 3 yashar bolani urib ketdi. Fojia bola boradigan bog‘cha oldida ro‘y bergan, 3 yashar qurbon voqea joyidayoq hayotdan ko‘z yumgan.

Bolalar ishtirokida har kuni ro‘y berayotgan, bunchalik ko‘p avariyalar boshqa biror bir demokratik davlatda kuzatilganida, hech shubhasiz aytish mumkinki, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati rahbarlari albatta parlamentga chaqirib so‘roq qilingan, shoshilinch choralar va Bmas’ul shaxslarning iste’fosi masalasi ko‘tarilgan bo‘lardi. Bizda esa, soha rahbarlari va ularga sherik deputatlarning o‘zi qoidabuzar haydovchilarni tiyadigan jarima ballari tizimini yo‘lga qo‘yishga mutlaqo va mutlaqo shoshilmayapti.

Takror va takror eslatish kerakki, jarima ballari tizimi aslida 2022 yil 1 dekabrdayoq ishga tushishi kerak edi. Prezident qarori bilan bunday topshiriq Ichki ishlar vazirligiga 2022 yil aprel oyining boshida berilgan, ya’ni vazirlikda qaror ijrosini ta’minlash uchun yetarlicha vaqt – roppa-rosa 8 oy muddat bor edi. Amalda esa vazirlik bu vaqt ichida hatto qonun loyihasini ishlab chiqishni ham tugatgani yo‘q. Loyiha 2023 yilning oxiriga kelibgina parlamentga kiritildi, lekin shunda ham vazirlik organ xodimlarining foto va videolarini tarqatmaslik haqidagi shov-shuvli moddani loyihaga qo‘shib yuborish orqali, hujjatni boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ydi. Shu tariqa, Qonunchilik palatasi yarim yil oldin qabul qilib Senatga jo‘natgan qonun, jamoatchilik e’tirozlari fonida, hamon ikki palata o‘rtasida osilib yotibdi.

Ichki ishlar vazirligi paysalga solayotgan masala faqat bu emas. 2024 yilgi davlat dasturiga binoan, 1 martdan boshlab Toshkent shahrida tig‘iz vaqtlarda yuk mashinalarining harakati taqiqlanishi kerak edi. Bahor o‘tib, yoz keldi, lekin bu yo‘nalishdagi harakatlardan ham hech bir nishona yo‘q. Mas’ullar bu harakatsizligining oqibatlarini anglayaptimi-yo‘qmi, bizga qorong‘i, lekin aytish kerakki, agar topshiriq vaqtida bajarilganida, Uchtepadagi bog‘cha qarshisida halok bo‘lgan 3 yashar bola hozir ota-onasining bag‘rida bo‘lgan bo‘lardi, ehtimol.

G‘alla o‘rimi boshlandi, IIB xodimlarining fermerlarga qarshiliklari ham

Yo‘l-patrul xizmati asosiy vazifasi bo‘lmish yo‘llardagi xavfsizlikni ta’minlashni eplay olmasligi mumkin, lekin, misol uchun, dalada fermerlar ishiga noqonuniy aralashishni qoyillatadi. Kuni kecha Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida YPX xodimi va tuman yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i g‘alla o‘rimini boshlagan fermerning dalasiga borib, o‘rimni to‘xtatib qo‘ygan va kombaynni noqonuniy tarzda daladan olib ketgan.

O‘zaro suhbatda YPX mas’ullari fermerni hech kimdan ruxsat so‘ramay o‘rimni boshlaganlikda ayblagan. Fermer esa shartnomani 120 foiz qilib bajarish niyatida ekani, o‘rimni boshlash uchun klasterdan ham, hokimiyatdan ham ruxsat so‘rashi kerak emasligi, o‘zi yetishtirgan hosilni o‘zi o‘rib olayotganini aytgan. Lekin himoyasiz fermerning bunday vaziyatlardagi qonuniy va haq gaplari ichki ishlar xodimlariga kor qilishi hali O‘zbekiston tarixida kuzatilmagan bo‘lsa kerak.

Ko‘p o‘tmay shunga o‘xshash holat Urganch tumanida ham kuzatilgani ma’lum bo‘ldi. Ma’lumot uchun, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 22-moddasiga binoan, fermer xo‘jaliklarining xo‘jalik faoliyatiga davlat organlari hamda boshqa organlar va tashkilotlar, shuningdek ularning mansabdor shaxslari aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi. Lekin afsuski, O‘zbekiston qonun ustuvorligi reytingida eng qashshoq o‘nta davlatdan biri bo‘lmish Malavidan ham pastroq o‘rinda turadi.

Huquq organlaridagi huquqbuzarliklar

Ichki ishlar xodimlarining nomiga dog‘ tushiradigan boshqa bir salbiy holat Samarqand shahrida ro‘y berdi. Dahbet ko‘chasida ro‘y bergan voqeada profilaktika inspektori qonunga xilof ravishda ikki fuqaroga nisbatan kuch ishlatgan. Inspektor Eshonqulov kechasi janjallashayotgan ikki fuqaroni idoraga olib bormoqchi bo‘lgan vaqtida, ularga nisbatan qonunga xilof ravishda jismoniy kuch ishlatgan, homilador ayolga qo‘l ko‘targan. U buning uchun ishlar organlari safidan bo‘shatilgani xabar qilindi. Huquqbuzarlik uchun inspektorga sud tartibida biron jazo tayinlangani yoki yo‘qligi ma’lum emas.

Hafta davomida organ xodimlarining noqonuniy harakatlariga doir yana boshqa holatlar ham kuzatildi. Xususan, Qoraqalpog‘istonda Qo‘ng‘irot tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari qo‘lga olindi. Ismi ochiqlanmayotgan, mayor unvonidagi mansabdor tovlamachilik yo‘li bilan fuqarodan iPhone 15 Pro Max telefonini olgan vaqtida ushlangan. Toshkentda esa Yakkasaroy tumani ichki ishlar bo‘limi tergovchisi va ikki nafar surishtiruvchisi 7 ming dollar pora bilan qo‘lga olindi. Rasmiy xabarga ko‘ra, ular til biriktirib, ayblanuvchiga yengilroq jazo qilib berish evaziga shuncha pul olgan.

Bundan tashqari, Davlat xavfsizlik xizmati Jizzaxda prokurorlardan birini qo‘lga oldi. Viloyat prokuraturasining bo‘lim prokurori fuqarodan sudlanganlik holatini olib tashlash evaziga ming dollar va Samsung S 24 Ultra telefonini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. E’tiborlisi, o‘tgan yili ham aynan shunday lavozimdagi shaxs, ya’ni Jizzax viloyati prokuraturasining bo‘lim prokurori 1300 dollar bilan qo‘lga olingan edi.

Noqonuniy tarzda kriptoaktiv sotganlar qamalmoqda

Termiz davlat universitetining 24 yoshli talabasi Chilonzor tuman sudining qarori bilan qamoqqa olindi. U Telegram'da o‘ziga tegishli kriptoaktiv – Notcoin'ni 800 ming so‘mga sotgani uchun shunday jazolandi. Yigit sudda aybiga iqror bo‘lib, qilmishi noqonuniy ekanini bilmagani, oilada yolg‘iz boquvchi ekanini aytgan. Talabaga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinlagan sud, uning Galaxy A30 telefoni va bank kartasini yo‘q qilishni ham buyurdi.

Voqea internetda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi, hatto chet elliklarning ham e’tiborini tortdi. Twitter'da bu haqda ingliz tilida yozilgan postlardan biriga javoban Notcoin jamoasi unga yangi iPhone sovg‘a qilishga tayyorligini bildirdi.

Kun.uz surishtiruvidan ma’lum bo‘lishicha, kriptoaktivlar savdosi tufayli qamoqqa tushib qolayotganlar soni kundan kunga oshib boryapti. Bunday huquqbuzarlik uchun oxirgi 1 oyda kamida 15 kishi javobgarlikka tortilgan, ulardan 12 nafariga ma’muriy qamoq, 3 nafariga jarima jazosi tayinlangan. Va ularning barchasi sudda bu harakatlari qonunga zid ekanidan bexabarligini aytgan.

Kriptoaktivlarning noqonuniy aylanmasi va mayningiga oid moddalar ma’muriy javobgarlik va jinoyat kodekslariga shu yil boshida kiritilgan edi. Qonunchilikka ko‘ra, mamlakat hududida kriptovaluta oldi-sotdi faqat litsenziyaga ega kripto-birjalar orqali amalga oshirilishi mumkin, hozir ularning soni ikkita. Binance va Telegram esa O‘zbekistonda litsenziya olmagani sabab ular orqali amalga oshirilgan kriptovaluta aylanmasi noqonuniy hisoblanadi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Elektromobillarni uyda quvvatlash uchun alohida tungi tarif joriy etiladigan bo‘ldi. Bu tarifga ulanish uchun fuqarolar elektromobil quvvatlash uskunasiga hisoblagich o‘rnatishi kerak bo‘ladi. Davlat rahbarining ma’lum qilishicha, ko‘chalarda, ko‘p qavatli uylar atrofida 22 kilovattgacha, xonadonda esa 7 kilovattgacha zaryadlash stansiyasi o‘rnatish mumkin bo‘ladi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida O‘zbekistonda rekord darajada ko‘p – 3800 ta elektromobil sotilgan. Umuman, respublikada jami elektromobillar soni 35 mingtaga yetib qolgan.

Energetika tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash uchun bu yil ham 14 trln so‘m ajratiladi. “Endi “muddat kam edi, mablag‘ bo‘lmadi”, deb bahona qilishga hech kimning haqqi yo‘q”, deya mas’ullarni ogohlantirdi Shavkat Mirziyoyev. Prezident huzuridagi yig‘ilishda qish uchun 600 ming tonna ko‘mir va 350 ming tonna mazut zaxirasini yaratish, ko‘mir importi uchun revolver kreditlar berish, eng ko‘p elektr va gaz ishlatadigan korxonalarga energotejamkorlik bo‘yicha talablarni kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Hindistonda “Dok-1 Maks”ni ishlab chiqargan kompaniyaning bosh rahbarlari hamon ozodlikda qolmoqda. Bu haqda ushbu jinoyat ishi bo‘yicha borayotgan apellyatsiya sudida ma’lum qilindi. O‘zbekiston hukumati Marion Biotech kompaniyasining ikki ta’sischisi va direktori – er-xotin Jainlarni Interpol qidiruviga bergan bo‘lsa ham, ular Abu-Dabida qo‘lga olinib, tushunarsiz ravishda qo‘yib yuborilgan. Hindiston elchixonasi bu masalada Dehlidan Toshkentga delegatsiya kelib, Hindistondagi tergov bo‘yicha barcha savollarga javob berishini bildirdi.

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol 3 kunlik davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi. Muzokaralarda tomonlar o‘zaro hamkorlikda yuqori texnologiyalarga katta urg‘u qaratishga kelishib oldi. Koreya O‘zbekistonda yarimo‘tkazgichlar sohasida ilmiy-ishlab chiqarish klasterini qurishi kutilmoqda. Hyundai Rotem kompaniyasi “O‘zbekiston temiryo‘llari”ga 195,7 mln dollarlik 6 ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarni yetkazib beradi. Tashrif davomida jami 17 ta hujjat, xususan Alohida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot qabul qilindi.

O‘zbekistonga haqida noma’qul gap aytgan chet elliklarning O‘zbekistonga kirishi taqiqlanadi. Deputatlar ishlab chiqqan qonun loyihasiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid bo‘lgan, O‘zbekiston xalqining sha’ni, qadr-qimmati yoki tarixini tahqirlovchi gaplar aytgan chet el fuqarolari O‘zbekistonga kiritilmaydi, agar ular O‘zbekistonda bo‘lsa, deportatsiya qilinadi. Ularga, shuningdek, O‘zbekiston banklarida hisobvaraq ochish, ko‘chmas mulk sotib olish, davlat mulkini xususiylashtirishda qatnashish ham taqiqlanadi. Eslatib o‘tamiz, bunday taqiqlar kerakligi haqida jamoatchilik Zaxar Prilepin va boshqa rossiyalik propagandachilarning bayonotlaridan keyin gapira boshlagan edi.

Mavzuga oid