Ortda qolayotgan hafta davomida O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalarning qisqacha tafsilotlari – Kun.uz dayjestida.

Abdulla Qodiriy oradan 97 yil o‘tib oqlandi

O‘zbekistonda SSSR davrida nohaq ayblangan vatandoshlarni oqlash bo‘yicha huquqiy jarayonlar davom etyapti. 1 dekabr kuni atoqli yozuvchi Abdulla Qodiriy hukumatni obro‘sizlantirishda ayblanganidan salkam 100 yil o‘tib, oqlandi.

Ish hujjatlariga ko‘ra, Abdulla Qodiriy “Mushtum” jurnalida e’lon qilgan “Yig‘indi gaplar” sarlavhali maqolasi uchun 1926 yilda O‘zbekiston SSR Oliy sudi tomonidan “kontrrevolyutsion xarakterga ega adabiyotlarni tarqatish” moddasi bilan aybdor deb topilib, 2 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Adibni tiyib turish va ogohlantirib qo‘yish uchun chiqarilgan bu hukm bir kun o‘tib ijrodan to‘xtatilgan.

Oradan 97 yil o‘tib, O‘zbekiston Oliy sudi Abdulla Qodiriyning nabirasi tomonidan berilgan apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqib, 1926 yilgi hukmni bekor qildi va Abdulla Qodiriyni to‘liq oqladi. Sud qarori bilan, yozuvchi o‘shanda tergovda nohaq ushlab turilgani ham rasman e’tirof etildi.

Ma’lumot uchun, garchi Abdulla Qodiriy 1926 yilda hukumatni obro‘sizlantirishda ayblanib, uni qamash haqidagi hukm ijrosi to‘xtatilgan bo‘lsa ham, zabardast yozuvchi 1938 yilda qatag‘on qilinib, otib tashlangan. Qodiriy bu jinoyatkorona hukm bo‘yicha Stalinning o‘limidan keyin, 1957 yilda oqlangan.

Ochiqlik siyosati yo‘lida jiddiy to‘siq

“Obro‘sizlantirish” so‘zi haftaning bosh mavzularidan biriga ham bevosita aloqador. 28 noyabr kuni Qonunchilik palatasi o‘ta bahsli moddani ham o‘z ichiga olgan qonun loyihasini imi-jimida, birdaniga uchta o‘qishda qabul qilib yubordi. Ichki ishlar vazirligi kiritgan bu moddaga asosan, huquq-tartibot idoralari xodimlarining tasvirlarini ularni “obro‘sizlantirish maqsadida” tarqatganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanyapti.

Javobgarlik darajasi ancha yuqori: bazaviy hisoblash miqdorining naq 50 baravari, ya’ni 17 mln so‘m ma’muriy jarima yoki 15 sutkagacha qamoq. 94 nafar deputat moddaning qabul qilinishini yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, faqat ikki kishi qarshi chiqdi. Bu moddaga butunlay qarshiligini ochiq bildirgan yagona deputat Doniyor G‘aniyev qonun ochiqlik siyosatiga zidligini aytib, bu ertaga ayrim organ xodimlarining mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishiga sabab bo‘lishidan ogohlantirdi.