Lionel Messi «Inter Mayami» safidagi 100-golini urdi va navbatdagi sovrinni yutib oldi. 39 yoshli forvard boshchiligidagi jamoa Kampeones kubogi uchun bahsda Meksikaning «Krus Asul» klubini 2:0 hisobida magʻlub etdi. Argentinalik futbolchi birinchi boʻlimda oʻzi hisobni ochdi, ikkinchi boʻlimda esa burchak toʻpi orqali ikkinchi golga assistentlik qildi.

Yubiley gol – bosh bilan

2018-yilda taʼsis etilgan Kampeones kubogi gʻolibi MLS kubogi sohibi va Meksikaning «Chempionlar chempioni» sovrini egasi oʻrtasida aniqlanadi. Bu safargi finalda «Inter Mayami» MX Ligasi vakili «Krus Asul»ga qarshi oʻynadi.

Messi birinchi boʻlim oʻrtalarida katta sahnaga chiqdi. 24-daqiqada mezbonlar xavfli hujum uyushtirdi, Luis Suares toʻpni qanotdan jarima maydoni markaziga oshirdi, argentinalik hujumchi esa ikkinchi qavatda toʻp uchun kurashda yutib chiqib, bosh bilan darvozani ishgʻol etdi. Bu Leo uchun «Mayami» safida barcha turnirlar doirasidagi 100-golga aylandi. Yubiley goli uchun u 115 oʻyin oʻtkazishi yetarli boʻldi.

photo_2026-09-17_13-46-43

Ikkinchi boʻlimda u dublni rasmiylashtirishi ham mumkin edi. Suares ishtirokidagi navbatdagi kombinatsiyadan keyin u toʻpni darvoza toʻriga kiritgandi, ammo ofsayd holati tufayli gol bekor qilindi. Bu Messini ranjita olmadi va u yuzida tabassum bilan oʻynashda davom etdi.

«Krus Asul»da ham hisobni tenglashtirish uchun imkoniyat boʻldi, ammo Gabriel Fernandesning jarima maydoni tashqarisidan yoʻllagan zarbasidan keyin toʻp darvoza ustuniga tegdi. Oʻyin taqdiri 81-daqiqada hal boʻldi: Messi burchak zarbasidan toʻpni Kazemironing boshiga yetkazib berdi, tajribali braziliyalik esa yakuniy hisobni oʻrnatdi – 2:0.

Leo oʻyinning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

«U «Oltin toʻp»ni olishi kerak»

Taqdirlash marosimidan keyin Messi gʻalabaga ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida qisqacha munosabat bildirdi: u «Olgʻa, «Inter»!» deb yozdi va yangi sovrin bilan fotosuratini joylashtirdi.

Klub egalaridan biri boʻlgan Devid Bekhem argentinalik futbolchini 100-goli bilan alohida tabrikladi va uning jamoa tarixidagi oʻrnini eʼtirof etdi. Angliyalik futbol afsonasi yana bir bor Messining muxlisi ekanini va uni yana bir bor «Oltin toʻp»ni qoʻlga kiritishga loyiq deb hisoblashini aytdi. Leo 2026-yilgi mukofot uchun nomzodlarning yakuniy roʻyxatidan oʻrin olgan – bu uning faoliyatidagi 17-nominatsiya boʻladi.