17-marta...

Argentina milliy jamoasidagi faoliyatini yakunlagan Lionel Messi 17-marta «Oltin toʻp» uchun nomzodlar sirasiga kiritildi. Bunaqasi boshqa hech bir futbolchi bilan sodir boʻlmagan.

Shuningdek, Messi «Oltin toʻp»ga eng koʻp vaqt farqi bilan nomzod boʻlib, oʻziga xos rekord oʻrnatdi. U birinchi marta 2006-yil sochini oʻstirib yuradigan, endi-endi oʻgʻillarining onasi Antonella bilan munosabatlarini tiklagan 19 yoshli yigit vaqtida dunyo futbolining bosh sovrini uchun nomzod boʻlgan. Oʻsha yili sovrinni bizning Kannavaro yutgan.

Oradan 20 yil oʻtib, qariy boshlagani sezilgan, katta oʻgʻli maktabni bitirayotgan, soqol qoʻygan Messi yana «Oltin toʻp»ni yutish uchun 30 nomzod orasida! Avvalgi mehnatlari uchun emas, oxirgi mundialda hamon yuqori darajada ekanini isbotlagani, bir oʻzi Argentinani uchinchi marta JCH finaligacha olib chiqqani uchun. Inson 20 yil davomida jismoniy holatini bunday yuqori darajada saqlab turishi shunchaki havas qilarli.

YeChLmi yoki JCH?

Oxirgi yillarda «Oltin toʻp»ga munosabat oʻzgardi. Masalan, pandemiya deb Levandovskiyga mukofot topshirilmagani katta nohaqlik boʻlgandi. Bu yilgi nomzodlarda ham tushunmovchilik bor. Masalan, Saudiya chempionatida oʻynovchi Xulian Kinones va Sadio Mane nega nomzodlar orasiga kiritilgani mutlaqo tushunarsiz. «Oltin toʻp» avvallari Yevropa chempionatlarida oʻynaydigan eng yaxshi futbolchiga berilardi, keyin dunyoning eng yaxshi futbolchisiga beriladigan boʻldi. Baribir Yevropada oʻynaydigan yigitlarga ustunlik berilishi kerak. Chunki koʻhna qitʼa futboli va Saudiya ligasi oʻrtasida farq katta.

Tashkilotchilar mukofot aniq kimga berilishini aniqlab olishi kerak: YeChLda eng yaxshi oʻynagangami, JChdami yoki umumiy individual oʻyinlarga qarabmi? Toʻgʻrisini aytish kerak, oʻtgan mavsumda hech bir futbolchi boshqalardan yaqqol ajralib turmadi. YeChLda PSJ gʻolib boʻldi, mantiqan olib qaraganda, Xvicha jamoaning eng zoʻri edi. Lekin Luis Enrikening murabbiylik mahorati hech bir futbolchining qahramonligiga oʻrin qoldirmadi. JChda ham shunday boʻldi. Ispaniya haqida gapirganda, Luis de la Fuyente nomi hammadan yuqorida tilga olindi. Messi va Ronaldu davridagi kabi hech kim savollarga oʻrin qoldirmaydigan darajada boʻlmadi.

Kim munosib?

Endi «Oltin toʻp»ga bu yil kim munosib ekani haqida shaxsiy fikrimni bildirsam. Asosiy masala uchlik va beshlikda kim boʻlishi. Menimcha, kuchli beshlikda Rodri, Mbappe, Keyn, Messi va Yamal boʻlsa kerak. Balki irimiga PSJdan kimnidir qoʻshishar. Balki Fabian Ruis, balki Dembele. Kuchli uchlikda juda zoʻr yevromavsum oʻtkazgan Keyn, Mbappe va jahon chempioni boʻlgan Ispaniya sardori Rodri boʻlsa kerak.