Kiyev va uning g‘arbdagi ayrim ittifoqchilari Modining Moskvaga iyul oyidagi safariga keskin munosabat bildirgandi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «dunyodagi eng yirik demokratik davlat rahbari Moskvada dunyoning eng mashhur jinoyatchisi bilan quchoqlashib ko‘rishishini ko‘rish qayg‘uli» ekanini aytgandi.

Modi Kiyevga Zelenskiy va g‘arblik yetakchilarni tinchlantirish uchun keldimi?

Unchalik emas.

Hindiston o‘z tashqi siyosatini qurishda ikki qarama-qarshi tomon o‘rtasida muvozanat saqlashi ajablanarli emas. Bu mamlakat o‘nlab yillardan buyon qandaydir ittifoqqa qo‘shilmaslik tamoyilini muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda.

Modi Moskvaga iyul oyida borgan, uning Vladimir Putin bilan uchrashuvi Ukraina va G‘arb tomondan keskin tanqid qilingandi

Hindiston bosh vazirining 23 avgust kungi Ukrainaga ilk tashrifi — bu ko‘proq Dehlining Rossiya bilan mustahkam munosabatlardan voz kechmasdan, G‘arb bilan ham yaqindan hamkorlikni davom ettirish istagi haqidagi bayonotidir.

Vashingtondagi Vilson tahlil markazi qoshidagi Janubiy Osiyo instituti direktori Maykl Kugelmanning aytishicha, bu tashrif Hindistonning strategik avtonomiyasini yana bir bor ta’kidlaydi.

«Hindiston g‘arbdagi derjavalarni yoki boshqa kimnidir tinchlantirishga otlanmagan. Bu safardan maqsad Kiyev bilan do‘stona aloqalarni yana bir bor tasdiqlash hamda davom etayotgan urush yuzasidan xavotir bildirish orqali Hindiston manfaatlarini ilgari surishdir», — degan u.

Shunga qaramay, tashrif uchun tanlangan vaqt Hindiston diplomatiyasi AQShning Modining Moskvaga tashrifiga nisbatan keskin munosabatini inobatga olganidan dalolat beradi.

Hindiston g‘arbdagi yirik davlatlarni norozi qilgan holda Rossiyani boshlagan urushi uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri qoralashdan o‘zini tiygandi.

Ammo rasmiy Dehli davlatlarning hududiy yaxlitligi va suverenitetini hurmat qilish lozimligi haqida tez-tez bayonot berib turadi va doimiy ravishda tinchlik muzokaralarini yoqlab keladi.