Shimoliy koreyalik askarlar Rossiya armiyasiga yordam uchun Ukrainaga yuborilayotgani to‘g‘risida xabarlar ko‘payib bormoqda. O‘tgan haftada «Interfaks-Ukraina» va KyivPost ukrain razvedkasidagi manbalariga havola qilgan holda, 3 oktyabr kuni Ukraina qurolli kuchlarining Donbassning okkupatsiya qilingan qismida Rossiya poligoniga yo‘llagan raketa zarbasi oqibatida shimoliy koreyalik olti zobit halok bo‘lgani hamda uch nafari yaralangani haqida xabar tarqatgandi.

Manbalarga ko‘ra, KNDRdan bo‘lgan zobitlar guruhi bu yerga «tajriba almashish doirasida» rossiyalik hamkasblar bilan uchrashish uchun kelgandi. Aslida ham shundaymi, agar ha bo‘lsa, KXDR harbiylari Ukrainada jang qilayotgan Rossiya qo‘shiniga qanday yordam berishi mumkin? BBC harbiy sharhlovchisi Ilya Abishev shu haqda fikr yuritdi.

Ukraina razvedka bosh boshqarmasi ham Ukrainaning okkupatsiya qilingan hududlariga Shimoliy Koreyadan cheklangan miqdordagi harbiy xizmatchilar kontingenti, jumladan, muhandislik qo‘shinlari bo‘linmalari kelgani haqida xabar bergandi. Rossiya tomoni bu ma’lumot yuzasidan izoh bermagan.

8 oktyabr kuni Janubiy Koreya parlamentida mamlakat mudofaa vaziri Kim Yon Hyon ham shimoliy koreyalik harbiylar Rossiyaga yordam ko‘rsatish uchun Ukrainaga yuborilgan bo‘lishi mumkinligi haqida gapirdi. Uning hisoblashicha, Donbassning Rossiya tomonidan bosib olingan qismida shimoliy koreyalik askarlar halok bo‘lgani to‘g‘risidagi xabar, katta ehtimol bilan, haqiqatga to‘g‘ri keladi.

«Rossiya va Shimoliy Koreya harbiy ittifoqqa o‘xshash kelishuv imzolagani tufayli harbiylar frontga yuborilishi ehtimoli yuqori», — deya vazirning so‘zlarini keltirgan Janubiy Koreyadagi Yonhap nashri. Gap 2024 yil iyunida

shimoliy koreyaliklar yetakchisi Kim Chen In va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida imzolangan keng qamrovli strategik sheriklik shartnomasi haqida bormoqda.

Shimoliy koreyalik harbiylar Ukrainadagi harbiy harakatlarda Rossiya tomonida turib ishtirok etayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar oldin ham tarqalgandi. 2023 yil sentabrida Vladimir Putin bunday xabarlarni «g‘irt yolg‘on» deb atagandi — o‘shanda u KXDR yo‘lboshchisi Kim Chen In bilan Rossiyaning Vostochniy kosmodromida uchrashgandi.

2024 yil iyunida, Putin Kim Chen In bilan o‘zaro mudofaa haqidagi bandni ham o‘z ichiga oluvchi shartnomani imzolaganida, undan shimoliy koreyalik askarlardan «maxsus harbiy amaliyot» (Rossiya hukumati Ukrainadagi urushni shunday ataydi) o‘tkazishda foydalanish imkoniyati haqida so‘rashgandi. «Biz buni hech kimdan so‘ramaymiz, buni bizga hech kim taklif qilmagan», — deya javob qaytargandi Rossiya prezidenti.