O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 oktyabr kuni «BRIKS plyus» sammitining yalpi majlisida nutq so‘zladi.

RF prezidenti Vladimir Putin raisligida o‘tkazilgan tadbirda XXR raisi Si Jingping, JAR prezidenti Siril Ramafosa, Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi, Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, Vetnam bosh vaziri Fam Min Tin, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish, shuningdek, Aleksandr Lukashenko, boshqa bir qator davlatlar, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy tuzilmalarning rahbarlari hamda yuqori darajali vakillari ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, inklyuziv va barqaror rivojlanishni ta’minlash maqsadida xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari, shuningdek, global va mintaqaviy siyosatning dolzarb muammolari muhokama qilindi.

O‘zbekiston prezidenti «BRIKS plyus» formatidagi uchrashuvlar global rivojlanishning dolzarb masalalarida keng muloqot va ochiq muhokamalar uchun muhim ekanini ta’kidladi.

Davlat rahbari bugungi kunda dunyo jadal bo‘linib borayotganini, insonlarga ulkan azob-uqubatlar, og‘ir iztirob va o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan yo‘qotishlar keltirayotgan urush va mojarolar soni ortayotganini afsus bilan qayd etdi.

– Jahon iqtisodiyoti va savdosining parchalanib borayotgani tengsizlik, texnologik uzilishlar va proteksionizmni kuchaytirmoqda. Mamlakatlar o‘rtasida yangi to‘siqlar vujudga kelmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bunday sharoitda teng huquqlilik, bloklardan xolilik, bir-birining manfaatlarini hisobga olish, suverenitetga va o‘zining mustaqil taraqqiyot yo‘liga ega bo‘lish huquqiga hurmat kabi tamoyillarga asoslanib harakat qilayotgan BRIKS o‘zini ko‘p tomonlama hamkorlik va sheriklikning nufuzli va rivojlanib borayotgan tuzilmasi sifatida namoyon etmoqda.

O‘zbekiston yetakchisi o‘zaro aloqalarning bunday modeli BMTning markaziy rolini saqlagan holda jahon tartibotining bugungidan ko‘ra adolatliroq yangi arxitekturasini shakllantirish uchun mustahkam asos bo‘lishi mumkinligiga ishonch bildirdi.

Geosiyosiy raqobat, milliy egoizm va mafkuraviy qoliplardan xoli bo‘lgan, konstruktiv muloqot yo‘li bilan global murosaga erishish bo‘yicha yangragan da’vatlar qo‘llab-quvvatlandi.