Joriy yil 18 yanvar kuni qabul qilingan prezident farmoniga ko‘ra, qishloq xo‘jaligida yer ijarasi shartnomasini boshqa shaxslarga o‘tkazish (fermerlik yoki dehqonchilik yerlarini boshqa shaxslarga sotish) tartibi joriy qilingandi. Kun.uz mazkur tartibga oid masalalar xususida soha mutaxassislari bilan jonli efirda suhbat uyushtirdi, savollarga javob berildi.

Joriy yil boshida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida uzoq kutilgan o‘zgarish sodir bo‘ldi: endi fermerlar davlatdan yerni ijaraga olib, qishloq xo‘jaligi faoliyatini yurituvchi sub’yektlar yerni ijaraga olish huquqini sota oladigan bo‘ldi. Ya’ni deylik, fermerchilik qilish fermerning joniga tegdi, shunda nima qilish kerak, degan savol paydo bo‘ladi. Hozir bu savolga javob topildi: fermer ijara huquqini sotishi mumkin bo‘ldi.

Kun.uz mavzu yuzasidan mutaxassislar bilan suhbat uyushtirdi, studiyamizda Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Abduxalil Xidirov, Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Xidirali Sobidov savollarga javob berdi. Fermerlardan kelgan savollarni Agrobiznes assotsiatsiyasi rahbari Kamoliddin Ikromov yetkazdi.

Jurnalist Shokir Sharipov: Mana shu o‘zgarishlar mohiyatini ochib beraylik tomoshabinga.

Abduxalil Xidirov: Bu o‘zgarishlar bizda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini bozor aktivlariga aylantirish, ijara huquqlarini mustahkamlash bo‘yicha prezidentimiz farmoni bilan qabul qilingan 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyada to‘rtinchi maqsad qilib, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalaridan foydalanish bo‘yicha huquqlarni kafolatlash va bozor aktiviga aylantirish vazifalari yuklatilgan. Bugungi kunda mana shu yerlarni boshqa shaxsga o‘tkazish bo‘yicha farmonlar belgilandi. Ushbu farmondan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining tegishli qonunlari, xususan, Yer kodeksi va Fermer xo‘jaligi to‘g‘risidagi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Kamoliddin Ikromov: Fermerlar yerni berib yuborishni istamas edi. Xarajat qilib qo‘ygan yerini shundoq bervormaydi, to‘g‘rimi? Ziddiyatlar ortib bordi. Qonunda cheklovlar mavjud edi va yer sotish imkoniyati yo‘q edi. Shu sababli, yer fermer qo‘lida qolardi va ishlamagan yerlar subarenda, ya’ni o‘ziga tegishli bo‘lmagan yerlar kabi boshqarilardi. Sotish imkoniyati paydo bo‘lganidan keyin yerga munosabat o‘zgaradi. Yerni sotganlik uchun jinoiy javobgarlik bor edi, bu esa korrupsiyaga olib kelardi.