Payşanba kuni Livan parlamenti ovoz berişning ikkinçi turida armiya boş qömondoni Jozef Aunni mamlakat prezidenti etib sayladi. Ekspertlar mamlakatdagi deyarli barça siyosiy kuçlar, jumladan, «Hizbulloh»ni ham qanoatlantiradigan nomzod bölgani tufayli uning saylanişi ehtimolini yuqori baholayotgandi.

Ovoz berişning birinçi turi bir neça soat oldinroq ötkazilgan, ammo Aun ğalaba uçun zarur bölgan 86 ovozni (128 ovozdan) qölga kirita olmagan, faqat 71 parlamentariy uning nomzodini qöllagandi.

Xabar qilişlariça, turlar orasidagi tanaffusda livanlik qonunçilar turli darajalarda faol maslahatlaşuvlar ötkazişgan. Aunning tarafdorlari şia deputatlarni öz tomoniga oğdirişi kerak edi. Birinçi turda ular ovoz berişdan boş tortişgan.

Ikkinçi turda Aun 99 ovoz olişga erişdi.

Livanda prezidentlik lavozimi ikki yildan oşiq vaqtdan buyon, 2022 yil oktyabrida Mişel Aunning vakolatlari tugaganidan keyin vakant qolayotgandi va köp yillik iqtisodiy inqiroz hamda yaqinda Isroil bilan bölgan uruşdan zaiflaşgan mamlakat uçun hozir hokimiyatdagi böşliqni töldiriş har qaçongidan muhim. Bugungi kunga qadar Livanning yangi prezidentini saylaş uçun 12 uriniş muvaffaqiyatsizlikka uçragandi.

Livanda prezidentni saylaş jarayoni Konstitutsiya va hokimiyatning konfessional taqsimotiga asoslangan mamlakat siyosiy tizimining öziga xos xususiyatlari bilan tartibga solinadi. Livan prezidenti 128 deputatdan iborat parlament tomonidan olti yil muddatga saylanadi va u ketma-ket ikkinçi muddatga uşbu lavozimni egallay olmaydi.

Livanning murakkab jamoaviy boşqaruv tizimida prezident lavozimini an’anaga köra maronit xristianlar vakili egallab keladi.

Aunning nomzodini xristianlarning öng markazçi «Marada» partiyasi yetakçisi, tajribali siyosatçi, Livanning sobiq içki işlar vaziri Sulaymon Franjye ham qöllab-quvvatlagan — u uşbu harbiy foydasiga prezidentlik lavozimini egallaş rejalaridan voz keçdi.

Parlament qarşisida prezident sifatida qilgan ilk çiqişida Aun uning birinçi galdagi vazifalari orasida — qurolga egalik huquqi faqat davlatda bölişiga erişiş ekanini aytdi.

Bu sözlar davlat harbiy tuzilmasi hisoblanmaydigan «Hizbulloh» arsenaliga işora sifatida qabul qilinmoqda.

Eronga zarba