AQSH prezidenti Donald Tramp seshanba kuni BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida soʻzlagan nutqida Qoʻshma Shtatlar 3-noyabr kuni boʻlib oʻtadigan oraliq saylovlardan soʻng Eron bilan tinchlik shartnomasini imzolashi mumkinligini bildirdi.
Tramp oʻz nutqida Ukrainadagi urush, Kuba taqdiri va Grenlandiya boʻyicha yangi kelishuvga ham toʻxtalib oʻtdi, shuningdek, sunʼiy intellekt nomini oʻzgartirishni taklif qildi.
«Oʻylaymanki, biz [Eron bilan] kelishuvni saylovdan soʻng darhol tuzamiz, chunki ular buni tuzmasligidan maʼno yoʻq. Ular oraliq saylovlarda ishlarim qanday kechishini kutishmoqda», – dedi Tramp.
Tehron Trampning bayonotiga izoh bermadi, biroq Amerika rahbarining oʻzi nutqidan soʻng AQSH va Eron rasmiylari Nyu Yorkda BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi doirasida uchrashganini aytdi (Financial Times maʼlumotlariga koʻra, bu tomonlarning iyun oyi oxiridan beri ilk uchrashuvi boʻldi).
Uchrashuvda Vashingtondan Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner, Tehrondan esa tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi qatnashgan. Muzokaralar avvalgidek vositachilar orqali olib borilgan.
«Bugun BMT Bosh Assambleyasi doirasida kun davomida tomonlar oʻrtasida qatnagan vakillar vositachiligida Eron delegatsiyasi bilan uzoq muddatli muzokaralar oʻtkazdik. Muzokaralarning bu raundi muvaffaqiyatli yakunlandi va umid qilamizki, ular konstruktiv va istiqbolli boʻladi. Vositachilar oʻz ishlarini davom ettiradi», – deb yozdi Uitkoff keyinchalik X ijtimoiy tarmogʻida.
Donald Tramp BMT minbaridan soʻzlagan nutqida muhim qaror qabul qilishi kerakligini aytdi: Eronni yoʻq qilish yoki u bilan kelishuv tuzish.
«Muhim qarorni qabul qilishim kerak. Eron bilan mamlakatni qayta qurish va uni har qachongidan ham buyukroq qilish imkonini beradigan kelishuv tuziladimi yoki ular boshqa odamlarni oʻldira olmasligi va mamlakatlarni vayron qila olmasligi uchun men Islom Respublikasini yoʻq qilishim kerakmi?» – degan AQSH prezidenti.
«Ularga omon qolishga hech qanday imkon qoldirmay, kelajakdagi buyuklikka va kelajak avlodlarga boʻlgan umiddan mahrum qilgan holda haqiqiy doʻzaxni koʻrsatish kerakmi? Ammo oʻylaymanki, biz saylovdan soʻng darhol kelishuvga erishamiz», – deya davom etgan Tramp.
Tramp dunyoning boshqa mamlakatlarini Eronga bosim oʻtkazishni qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi, shuningdek, AQSH Eronga qarshi urush boshlab, uning yadroviy qurolga ega boʻlishining oldini olganini yana bir bor taʼkidladi.



















