AQSh va Kolumbiya prezidentlari Donald Tramp hamda Gustavo Petro yakshanba kuni noqonuniy migrantlar deportatsiyasi boshlangani ortidan savdo urushi boshlashiga bir baxya qoldi. Tramp va Petro ijtimoiy tarmoqlarda urush e’lon qilishgandi, ammo yakunda Vashington va Bogota hozircha bunday urush boshlamaslikka qaror qilishgan.

Yakshanba kuni Amerikaning ikkita harbiy-transport samolyoti Kaliforniya shtatidan Kolumbiyaga kolumbiyalik noqonuniy muhojirlarni olib kelishi kerak edi. Ammo Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro samolyotlar qo‘nishiga ruxsat bermadi va bu haqda oshkora e’lon qildi.
Donald Tramp bunga javoban o‘ziga tegishli bo‘lgan Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Kolumbiyadan keladigan barcha mahsulotlar importiga 25 foizlik bojlar hamda kolumbiyalik rasmiylar uchun viza sanksiyalari joriy etishini e’lon qildi.
Gustavo Petro esa Kolumbiya ham Amerika importiga nisbatan shunday bojlar qo‘llanishini aytdi.
Ammo yakshanba kuni kechqurun Oq uy Kolumbiya ortga chekingani, shu tufayli bojlar va sanksiyalar qo‘llanmasligi to‘g‘risida bayonot berdi.
«Kolumbiya hukumati prezident Trampning barcha shartlariga, jumladan Qo‘shma Shtatlardan qaytarilgan barcha kolumbiyalik noqonuniy xorijliklarni AQSh harbiy samolyotlarida ham cheklovlarsiz va kechikishlarsiz qabul qilishga rozi bo‘ldi», — deyilgan Tramp ma’muriyati xabarida.
Shu bilan birga, boj va sanksiyalar to‘g‘risidagi farmonlar imzolanmagan bo‘lsa ham tayyor holatda va agar Kolumbiya kelishuv shartlariga rioya qilishdan bosh tortgudek bo‘lsa, ular imzolanadi.
«Bugungi voqealar yaqqol ko‘rsatdiki, Amerikani yana hurmat qilishmoqda. Prezident Tramp mamlakatimiz suverenitetini qat’iyat bilan himoya qilishda davom etadi va butun dunyodagi boshqa davlatlar uning Qo‘shma Shtatlarda noqonuniy ravishda bo‘lgan fuqarolarni deportatsiya qilish borasidagi sa’y-harakatlari bilan to‘liq hamkorlik qilishlarini kutadi», — deyilgan Oq uy bayonotida.










