Zelenskiy AQShning Rossiyaga nisbatan «kuchli qadamlari» haqida ogohlantirdi
Ukraina prezidenti jurnalistlar bilan brifingda tinchlik muzokaralari, Kursk oblastidagi holat va Moskvaga yopirilma hujum yuzasidan izoh berdi hamda muzokaralarda nima Ukraina uchun «qizil chiziq» bo‘lishini aytdi.

Foto: Efrem Lukatsky / AP / Scanpix / LETA
Agar Rossiya Jiddada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda AQSh va Ukraina delegatsiyalari kelishib olgan 30 kunlik sulh shartlarini qabul qilmasa, AQSh «kuchli qadamlar» qo‘yadi, dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.
«Ukraina Kiyevning tinchlikka tayyorligini ko‘rsatish uchun AQShning 30 kunlik sulh taklifiga rozi bo‘ldi. Men juda jiddiy kayfiyatdaman va men uchun urushni tugatish muhim. Men AQSh prezidenti buni ko‘rishini istayman.
Rossiya sulhga rozi bo‘lishining ehtimoli qanday? Keling, ko‘ramiz. Agar Moskva rad etsa, Ukraina AQShdan Rossiyaga nisbatan kuchli qadamlar kutmoqda. Hozircha tafsilotlarni bilmayman, lekin biz sanksiyalar va shunga mos ravishda Ukrainani [qo‘llab-quvvatlashni] kuchaytirish haqida gapiryapmiz.
Moskvaga nisbatan «bosim qadamlari» Vashingtonga va Rossiya tomoni bilan muloqot natijalariga bog‘liq bo‘ladi. Sulh tuzilgan taqdirda Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari masalasi AQSh bilan muzokaralarda muhokama qilingan, ammo batafsil muhokama keyinroq bo‘ladi. Rossiyaliklar Ukrainani AQSh bilan urishtirish uchun hamma narsani qiladi. Saudiya Arabistonidagi uchrashuv bu rejalarni barbod qiladi, deb hisoblayman. Aksincha, keskinlik yumshashi davom etmoqda», – degan Ukraina prezidenti.
U mojaroni hal qilish bo‘yicha muzokaralarda hududlarni yo‘qotishni tan olish – Kiyev uchun asosiy «qizil chiziq» bo‘lishini aytdi.
«Biz Rossiya Federatsiyasi tomonidan bosib olingan hududlarni ularniki deb tan olmaymiz. Bu fakt. Xalqimiz buning uchun kurashdi, qahramonlarimiz hayotini fido qildi. Juda ko‘p inson yaralandi, juda ko‘p azob chekildi. Shu sababli hech kim buni unutmaydi. Men „hech kim unutmaydi“ deganimda, bu biz uchun asosiy „qizil chiziq“ ekanini nazarda tutyapman», – dedi u.
Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, sulh boshlanganidan keyin mojaroni tugatishning bosqichma-bosqich rejasi ishlab chiqilishi kerak, u harbiy holatni bekor qilish va saylovlar o‘tkazishni o‘z ichiga oladi.
U Jiddadagi muzokaralar arafasida Ukraina tomonidan Rossiya hududlari, jumladan poytaxt Moskvaga yuzlab dronlar bilan hujum qilgani yuzasidan ham izoh bergan.
«Ukraina dronlarining Moskvaga hujumi kuchni ko‘rsatib qo‘yish emas, balki Rossiyaning Ukraina bilan qilayotgan ishiga adolatli javobdir. Bugun, masalan, Kriviy Rihga zarbalar berildi. Sizningcha, bunday holatdan keyin Ukraina qo‘shinlari javob beradimi, yo‘qmi? Urushni biz boshlaganimiz yo‘q, lekin biz haqiqatan ham uning tugashini istaymiz. Ammo odamlarimizni o‘ldirib, buning uchun javob olmaslik – bunaqasi ketmaydi», – degan u.
Prezident Ukraina qurolli kuchlari Rossiya hududidan chekinishiga izoh berib, qo‘shinlar Kursk oblasti hududida vazifalarni bajarayotgani, qo‘mondonlik esa jangchilarning hayotini saqlab qolishga harakat qilayotganini bildirdi.
«Kursk oblasti hududidagi qo‘shinlarimiz o‘z vazifalarini bajarmoqda. Ruslar bizning qo‘shinlarimizga imkon qadar jiddiy bosim o‘tkazishga harakat qilmoqda. [Ukraina] harbiy qo‘mondonligi qilishi kerak bo‘lgan ishni qilmoqda: askarlarimiz hayotini saqlab qolish uchun maksimal harakat qilmoqda», – dedi Ukraina rahbari.
Mavzuga oid

18:12
Urushning oxiri yaqinmi? Nega Ukraina va Rossiyaga tinchlikka erishish shunchalik qiyin?

16:25
Zelenskiy otashkesimga rozi, Putin-chi?

12:20
Sirskiy: Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastidan qisman chiqib ketyapti

09:47